Sevimli

Maymun chechagi: AQShda epidemiologik vaziyat murakkab

Dunyo 09.08.2022, 13:53
Maymun chechagi: AQShda epidemiologik vaziyat murakkab

Shu kunlarda Amerika Qo`shma Shtatlarida epidemiologik vaziyatni o`nglash kun tartibidagi muhim masalaga aylangan. Bir tomonda koronavirusning yangi to`lqini avjida. Kuniga 100 mingdan ziyod kishiga COVID-19 tashxisi qo`yilyapti.

Boshqa tomondan esa maymun chechagi virusi shiddat bilan tarqalmoqda. May oyidan buyon 48 ta shtatda 7000 nafardan ortiq bemor ro`yxatga olindi. Shu bois AQSh hukumati ushbu epidemiyani favqulodda holat, deb e`lon qildi.

Hozir eng katta bosim ixtisoslashgan klinikalarga tushmoqda. Bemorlar soni kundan kun ortyapti. Vaksinalar va maxsus testlar tanqisligi ko`zga tashlanmoqda.

To`g`ri, mamlakatda shu kungacha kasallik oqibatida o`lim holatlari kuzatilgani yo`q. Ammo ba`zi bemorlarda infeksiya og`ir o`tyapti. Badandagi toshmalar kuchli og`riqlarni keltirib chiqarayotgani tufayli stasionar muolajalarga talab oshib bormoqda.

— Xastalikni antibiotiklar qabul qilish bilangina tezda bartaraf etib bo`lmaydi, — deydi Chikagodagi “Howard Brown Health” klinikasi shifokori Anu Hazra. — Shu bois davolash jarayoni uzoq vaqt talab etadi. Oqibatda bemorlar bir necha hafta davomida og`riqlar bilan kurashishga majbur bo`lmoqda.

Mutaxassisning qayd etishicha, may oyidan beri Chikagoda kasallik alomatlari bilan murojaat qiluvchilar soni geometrik progressiya qonuniyati asosida ko`paymoqda.

O`z navbatida, infeksiya tabiati birmuncha o`zgargan. U endi nafaqat jismoniy muloqot, balki sochiq va choyshab kabi shaxsiy gigiena vositalari orqali ham yuqishi mumkin.

Ayni sababdan mamlakatda kasallikka qarshi emlash kompaniyasi davom ettirilmoqda. Qolaversa, Buyuk Britaniya va Ispaniyada vaksinasiya jarayonlariga katta e`tibor qaratilyapti.

Maymun chechagiga chalinganlar soni 550 nafarga yaqinlashishi oqibatida Italiya hukumati ham infeksiya tarqalishini emlash orqali jilovlashga qaror qilgan. Bu erda dastlab 200 kishi vaksinani qabul qiladi. Yana 600 doza preparat qo`llash uchun tayyor 

Sharhlar