Aholisi misli ko`rilmagan musson yomg`irlari oqibatida suv toshqinlaridan aziyat chekkan Pokistonga qardoshlarcha yordam ko`rsatish maqsadida bugun Toshkentdan ushbu mamlakatga insonparvarlik yuki jo`natildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Pokistonga harbiy havo transporti orqali qariyb 40 tonna yuk etkaziladi. Insonparvarlik yuki tarkibiga oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan o`simlik yog`i, un, guruch, go`sht konservalari, qandolat va makaron mahsulotlari, shuningdek to`qimachilik mahsulotlari va boshqa tovarlar kiritilgan.
Eslatib o`tamiz, so`nggi bir necha hafta ichida Pokistonda misli ko`rilmagan musson yomg`irlari va suv toshqinlari 30 milliondan ortiq kishining kundalik hayotini izdan chiqargan. Mamlakatning g`arbi va janubidagi Balujiston va Sind provinsiyalari eng ko`p zarar ko`rgan. Yuz minglab odamlar boshpanasiz qolgan.
Ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko`ra, Pokiston dunyo hamjamiyatiga yordam so`rab murojaat qilgan. Kuchli yomg`ir va keng ko`lamli toshqinlar natijasida 1000 dan ortiq odam vafot etgan.