Senat raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoev prezident Shavkat Mirziyoevning qatag`on qurbonlari xotirasiga bag`ishlangan marosimdagi nutqiga Rossiya OAVlarida berilgan munosabatlarni “populistik vahima” deb atadi.
"Prezident Shavkat Mirziyoevning qatag`on qurbonlari xotirasiga bag`ishlangan marosimdagi nutqiga Rossiya OAVlarida berilgan “munosabatlar”ini o`qib chiqdim.
Mustabid tuzum qatag`on qurbonlari xotirasini yod etgan O`zbekiston prezidentining muvozanatli, bosiq va o`ta samimiy nutqiga mutlaqo noadekvat munosabat. O`zi munozara nima haqida? Mustabid tuzum shafqasiz va berahm bo`lganligimi?
Yoki halok bo`lganlar haqiqatan ham g`ayriinsoniy qatag`on qurbonlari bo`lganligimi? Aqli to`g`ri va xotirasi aniq bo`lgan hech qaysi inson u yoki buni so`roq qila olmaydi.
Tuzumga qarshi, Vatan ozodligi uchun o`z ovozini baland ko`tarishga jur`at etgan minglab yurtdoshlarimiz uchun poligon va qabriston bo`lib qolgan joyda o`tgan marosimda men ham qatnashdim. U chin qalbdan, yorug` va tantanali, qandaydir samimiy, insoniy tarzda o`tdi.
Aynan shu joyda jallodlar tomonidan o`z o`limini jasorat bilan qabul qilganlar oldidagi qarzimizni insoniy ravishda qaytardik. Bu endi shov-shuvli siyosiylashtirish va populistik vahima uchun sababmi? — deb yozdi Sodiq Safoev Twitter’dagi sahifasida.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi Spikeri o`rinbosari Alisher Qodirov rus hamkasbini notug`ri talqin etishdan tiyilishga chaqirmoqda.
“Shavkat Mirziyoevning kuni kecha qilgan ma`ruzasi Rossiya Davlat dumasi deputati Konstantin Zatulinning asossiz talqiniga suyanib, xato xulosalarga sabab bo`libdi.
Davlat rahbari tarixiy faktlarga asoslanib, yaqin o`tmishning qora kunlarini eslatib o`tdi. O`sha qora kunlarda xalqimizning eng ilg`or fikrlovchi qatlamlarining yakson qilinganini eslamaslik, kelajakda bu kabi xatolarni takrorlanishiga olib kelishi mumkin.
Prezident nafaqat o`zbek, balki o`sha davrda sovet davlatida yashagan barcha millatlarning ziyolilariga nisbatan qilingan vahshiy nohaqliklar haqida gapirdi. Buni anglash va to`g`ri talqin qilish uchun katta tarixchi bo`lish shart emas, menimcha.
Hamkasblarimga shunday ham murakkab bo`lgan muhitni yana murakkablashtiradigan, mintaqadagi tinchlik va osoyishtalikka putur etkazadigan talqinlardan tiyilishni tavsiya qilaman. Zero bundan hech kim yutmaydi!” - deydi Qodirov.