AsosiyJamiyat

“Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar Konstitusiyalari” nomli kitob nashrdan chiqdi

'“Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar Konstitusiyalari” nomli kitob nashrdan chiqdi'ning rasmi

Shu yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisi tadbirlari bo`lib o`tadi. Ushbu nufuzli xalqaro anjuman arafasida Toshkentda “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar Konstitusiyalari” nomli kitob nashrdan chiqdi.

Ushbu kitob Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ingliz va rus tillarida nashrga tayyorlandi va “Tasvir” nashriyotida chop etildi. Yangi nashrning Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammitiga bag`ishlangani bejiz emas.

Prezident Shavkat Mirziyoevning yurtimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e`lon qilingan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o`zaro bog`liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali konseptual maqolasida ta`kidlanganidek, “ShHT o`z mohiyatiga ko`ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo`lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo`lgan jozibador makonga aylanishi lozim. Shu sababli ham ShHT faoliyatiga qo`shilish istagidagi davlatlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Bu tendensiya xalqaro va mintaqaviy munosabatlar tizimi transformasiya jarayonini boshidan kechirayotgan bugungi sharoitda yaqqol ko`zga tashlanmoqda. ShHT makonidagi davlatlarning yuksak insoniy, intellektual va texnologik salohiyatga, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga va hali to`laqonli foydalanilmagan tabiiy zaxiralarga ega ekani tashkilotning iqtisodiy ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi”.

Kitobga akademik Akmal Saidov mas`ul muharrirlik qilgan va so`zboshi yozgan. So`zboshida qayd etilganidek, ShHT – navqiron, ayni chog`da jadal rivojlanayotgan xalqaro tashkilotlardan biri. O`zbekiston  ShHT asosiy ta`sischilaridan bo`lib, uning izchil taraqqiyotiga muntazam ravishda o`z hissasini qo`shib kelmoqda.

O`tgan davrda ShHT maslahatlashuv mexanizmi shaklidagi tuzilmadan ko`p tomonlama faoliyatga asoslangan davlatlararo tashkilotga aylanib ulgurdi. Bugungi kunda ShHT dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Unga a`zo mamlakatlarning umumiy maydoni 34 million kvadrat kilometrdan iborat. Bu Evroosiyo materigining 60 foizdan ziyod hududi, deganidir.

ShHT mamlakatlari aholisining umumiy soni 3,2 milliard nafarni tashkil etmoqda. Ushbu ko`rsatkich sayyoramiz aholisining qariyb yarmiga teng. Ulkan “ShHT oilasi”ga uchta qit`a – Osiyo, Evropa va Afrikada joylashgan 21 ta mamlakat kiradi. Ayni chog`da ushbu tashkilot bilan turli darajalarda o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish istagidagi davlatlar soni muttasil ortib bormoqda.

Hozirgi kunda ShHT makoni – xom ashyo, mahsulot, malakali ishchi kuchi va inson kapitali, texnologik salohiyat nuqtai nazaridan salohiyatli mintaqa sanaladi. ShHT ulkan transport va tranzit imkoniyatlariga ega. Evroosiyo makonida “Sharq-G`arb” va “Shimol-Janub” yo`nalishlarida yangi xalqaro temir yo`l va avtomobil yo`llari qurilishi strategik ahamiyat kasb etmoqda. 

Haqiqatan ham, o`z taraqqiyotining yangi tarixiy bosqichida turgan ShHT uchun katta istiqbolga ega bu kabi muhim yo`nalishlar O`zbekistonning raisligi davrida – 2021-2022 yilarda tayyorlangan o`ttizdan ortiq konseptual dastur, kelishuv va qarorlarda o`z aksini topdi. Shuni alohida ta`kidlash joizki, mamlakatimizning ShHTga raisligi yurtimizda keyingi olti yilda amalga oshirib kelinayotgan faol va ochiq tashqi siyosatning mantiqiy davomi bo`ldi. 

Bu siyosat, eng avvalo, ShHTning geografik o`zagi bo`lmish, bugungi kunda yaxshi qo`shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash borasida ijobiy va ortga qaytmas jarayonlar ro`y berayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshmoqda. Shu o`rinda ShHT – sivilizasiyalararo muloqot va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash uchun istiqbolli maydon ekanini ham alohida ta`kidlash lozim. 

Yangi nashrdan chiqqan “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlarKonstitusiyalari”kitobi ShHTni 2025 yilgacha rivojlantirish strategiyasida belgilab berilgan madaniy-gumanitar hamkorlik doirasidagi amaliy faoliyatning mo``jaz mevasidir. ShHT makonidagi konstitusiyaviy taraqqiyotga bg`ishlangan yangi nashrda ayni yo`nalishdagi muayyan umumiylikning tub mohiyati atroflicha ochib berilgan. 

ShHTga xos konstitusionalizmning umumiyligi, bir tomondan, ushbu Tashkilotga a`zo mamlakatlar Konstitusiyalarining rivojlanish sur`atlarida, ikkinchi tomondan, konstitusiyaviy tuzum asoslarining prinsipial yangilanishida namoyon bo`ladi. Ayni chog`da, har qaysi davlat o`zining konstitusiyaviy monandligi, ya`ni betakror o`ziga xosligiga ega bo`lib, o`z navbatida, bu omil ShHT makonida konstitusiyaviy-huquqiy plyuralizm, ya`ni rang-baranglik  amalda bo`lishining garovidir.

ShHTga a`zo mamlakatlar jamiyatlarining tarkibi turli millat va konfessiyalarga mansub aholidan iborat. Shuning uchun ushbu davlatlar millatlararo tinchlik va dinlararo hamjihatlikdan, bu boradagi azaliy an`analarning mustahkamlanishidan, shuningdek, sivilizasiyalararo muloqot rivojidan birinchi navbatda manfaatdordir. 

Kitobdan ShHTga a`zo davlatlar – Xitoy, Rossiya, Qozog`iston, Qirg`iziston, O`zbekiston, Tojikiston, Hindiston, Pokiston, Konstitusiyalari matni joy olgan. Shuni ham qayd etish kerakki, ayni shakl va mazmundagi to`plam ilk bor nashr etilmoqda. 

Unda ShHTga a`zo har bir mamlakatning konstitusiyaviy o`ziga xosligi ochib berilgan. Shu bilan birga, mazkur nashrni mutolaa qilish asnosida, ShHT makonidagi konstitusionalizm taraqqiyotining o`ziga xos xususiyatlaridan bevosita xabardor bo`lish mumkin.

O`zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlar jarayonida, jumladan, ShHT mamlakatlarining konstitusiyaviy tajribasini o`rganishga katta e`tibor qaratilmoqda. Shu ma`noda, mazkur kitob ayni soha mutaxassislari uchun juda zarur qo`llanmadir.

Shuningdek, yangi nashr ilmiy tadqiqotchilar, konstitusiyashunos olimlar, davlat organlari, ilmiy va ma`rifiy muassasalar mutaxassislari, talabalar, umuman olganda, jahon konstitusionalizmi taraqqiyoti masalalariga qiziqqan barcha kitobxonlarga foydali bo`lishi tayin. 

 

G`ulom Mirzaev,

Inson huquqlari bo`yicha
O`zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot kotibi

 

    Boshqa yangiliklar