1

Kaxi Maxaradze futboldan 5 yil muddatga chetlatilib, 100 mln so`m jarima to`laydigan bo`ldi

Sport 16.09.2022, 11:12
Kaxi Maxaradze futboldan 5 yil muddatga chetlatilib, 100 mln so`m jarima to`laydigan bo`ldi

O`zbekiston ommaviy axborot vositalarida keng muhokamalarga sabab bo`lgan “Lokomotiv” PFK futbolchisi Kaxi Maxaradze va boshqalarning totalizator hamda kelishilgan o`yinlarda ishtirok etganligi holati yuzasidan O`zbekiston futbol assosiasiyasi tomonidan tegishli tartibda tekshiruv o`tkazilib, Etika qo`mitasida ko`rib chiqildi.

Aniqlanishicha, “Lokomotiv” PFK futbolchisi Kaxi Maxaradze, futbolchi Evgeniy Kochnev, Gruziya fuqarolari G.K. va Ch.M. ismli shaxslar o`zaro til biriktirib, firibgarlik yo`li bilan boylik orttirish maqsadida, xitoylik o`zini Jay deb tanishtirgan shaxsning ishonchiga kirib, totalizator kontoralari orqali “Lokomotiv” futbol klubining uchrashuvlarini Kaxi Maxaradze va boshqa futbolchilar bilan kelishgan holda o`zlari uchun qoniqarli natija bilan yakunlashga yolg`on va`da berib, ishontirganlar.
Xususan, shu yil 27-may kungi “Navbahor” – “Lokomotiv” uchrashuvida 2:0 hisobi qayd etilgan bo`lib, K.Maxaradze, G.K., Ch.M. va E.Kochnevlar mazkur o`yin uchun Jay ismli shaxsdan taxminan 30.000 AQSh dollari olib, o`zaro bo`lishib olganlar.

Bundan tashqari, “Lokomotiv”ning AGMK va “So`g`diyona” futbol klublariga qarshi uchrashuvlariga yuqoridagi shaxslar tomonidan pul tikish masalasi muhokama qilingan bo`lsa-da, lekin bu amalga oshmagani aniqlangan (ushbu ma`lumot OFK va “Sportradar” tashkilotlari tomonidan ham tasdiqlangan).

Shundan so`ng, “Lokomotiv”ning mehmonda Nasafga qarshi uchrashuvda mag`lub bo`lishini taxmin qilib, K.Maxaradze bu o`yinni yutqazib berishiga Jayni ishontirib, u tomonidan totalizatorda pul tikilishiga sababchi bo`lgan.

“Lokomotiv” va “Nasaf” jamoalari o`rtasidagi uchrashuv 0:0 hisobi bilan yakunlanganidan so`ng, Jay o`zi tomonidan yutqazilgan 100.000 AQSh dollarini K.Maxaradze, Ch.M., G.K. va E.Kochnevlardan talab qilgan. Rad javobi olgach, o`ch olish maqsadida ular haqidagi ma`lumotlarni O`FA va OAVlarning elektron pochtalariga yuborgan.

O`FA tomonidan tekshiruv boshlangach, Jay noqonuniy faoliyati natijasida o`z mamlakatining tegishli tashkilotlari tomonidan javobgarlikka tortilishi mumkinligini anglab, yuqorida yuborgan ma`lumotlar noto`g`riligi, suratlarni o`zi yasaganligi haqida xabar yuborgan.

Yuqoridagilarni o`rganib chiqish natijasida, O`FA Etika qo`mitasi yig`ilishining qaroriga ko`ra, Kaxi Maxaradze Intizom kodeksining tegishli bandlari bo`yicha aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bog`liq faoliyatning barcha turlaridan 5 yil muddatga chetlatilib, yuz million so`m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, futbolchi Evgeniy Kochnev ham Intizom kodeksining tegishli bandlari bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bog`liq faoliyatning barcha turlaridan 3 yil muddatga chetlatilib, o`ttiz million so`m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Tekshiruv davomida “Lokomotiv” PFKning boshqa futbolchilari va murabbiylari totalizator hamda kelishilgan o`yinlarda ishtirok etmaganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan unga aloqador bo`lgan chet el fuqarolarining shubhali harakatlari bo`yicha ma`lumotlar tegishli xalqaro tashkilotlarga yuborildi.

O`zbekiston futbol assosiasiyasi kelishilgan o`yinlarni aniqlash bo`yicha OFK va “Sportradar” bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib kelmoqda hamda shu kabi holatlar aniqlansa, aybdorlarga nisbatan qat`iy choralar ko`rilishi to`g`risida ogohlantiradi, deyiladi xabarda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1