Xalq ta`limi vazirligining Ichki audit boshqarmasi tomonidan Qashqadaryo viloyati xalq ta`limi muassasalarida kompleks audit tadbirlari o`tkazildi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi axborot xizmati xabar qilmoqda.
Qayd etilishicha, nazorat tadbirlari natijalariga ko`ra, viloyatdagi ta`lim muassasalarining mas`ul xodimlari tomonidan 16,1 milliard so`mlik moliyaviy qonun buzilishi (shundan, 1,6 mlrd. so`mlik o`zlashtirish) holatlariga yo`l qo`yilganligi aniqlangan.
Xususan, ta`lim muassasalarida aslida ishlamaydigan xodimlarga ish haqi hisoblab yozish va xodimlarining oylik maoshlariga qo`shib yozish hisobiga 1,4 mlrd. so`m, jumladan, Chiroqchi tumanida 836,5 mln. so`m, Dehqonobod tumanida 243,8 mln. so`m, Koson tumanida 233,2 mln. so`m, Mirishkor tumanida 111,1 mln. so`m byudjet mablag`lari o`zlashtirilganligi, o`tilmagan dars soatlari uchun 3,6 mlrd. so`m byudjet mablag`lari ortiqcha sarflanganligi aniqlandi.
Shuningdek, Qarshi shahar 33-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab xodimlariga 2,2 mlrd. so`mlik ustama ish haqi noto`g`ri to`langan.
Jismoniy shaxslarning mol-mulk va er soliqlari, zararlarni qoplash va boshqa asossiz to`lovlarga xodimlarni ish haqidan ushlab qolinmasdan 1,4 mlrd.so`m noqonuniy xarajatlar amalga oshirilgan.
Shartnoma shartlariga rioya qilmagan holda, texnik talablarga javob bermaydigan orgtexnikalar sotib olinishi natijasida 568,4 mln. so`m miqdorida byudjet mablag`lari samarasiz sarflangan.
Mazkur aniqlangan holatlar bo`yicha 16,1 mlrd. so`mlik o`rganish materiallari huquqiy baho berish va qonuniy chora ko`rish uchun huquq-tartibot organlariga taqdim etildi.
Shu bilan birga, nazorat tadbirlari davomida 256 ta ta`lim muassasalarida 285,3 mlrd. so`mlik bino-inshoot va tovar-moddiy boyliklarini buxgalteriya balansiga kirimga olinishi ta`minlandi.
Vazirlik rahbariyati hamda Ichki audit boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan kompleks audit natijalari va sohaga oid boshqa kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi. O`z xizmat vazifalarini bajarishda mas`uliyatsizlik bilan yondoshgan va kamchiliklarga yo`l qo`ygan mas`ul xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko`rilishi belgilandi hamda qat`iy ogohlantirishlar berildi.
Yuzaga kelgan holatlarni bartaraf etish, kelgusida yo`l qo`ymaslik va profilaktika ishlarini doimiy tarzda olib borish yuzasidan tegishli ko`rsatmalar taqdim etildi.
Ta`kidlash joizki, bugungi kunda vazirlik tomonidan tizimda mehnat qilayotgan hisobchilarning moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida barcha moliyaviy jarayonlar yuzasidan o`quv rejasi va dasturi ishlab chiqilgan. Ushbu dastur asosida tizimdagi moliya-iqtisod yo`nalishidagi xodimlarni bosqichma-bosqich malakasini oshirish ishlari amalga oshiriladi.
Xalq ta`limi vazirligining Ichki audit boshqarmasi tomonidan tizimdagi moliyaviy qonun buzilish holatlarining oldini olish maqsadida olib borilayotgan mazkur o`rganishlar ko`lamini kengaytirish, natijadorligini oshirish hamda amaliy yordam ko`rsatish maqsadida vazirlikning tegishli bo`linmalari ishtirokida boshqa hududlarda ham kompleks audit tadbirlarini amalga oshirish ishlari davom ettiriladi, deyiladi xabarda.