O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov 2022 yil 18 oktyabr kuni Dushanbe shahrida "Terrorizmga qarshi kurash va terrorchilar harakatlanishining oldini olish uchun chegara xavfsizligi va chegara nazorati sohasidagi xalqaro va mintaqaviy hamkorlik" mavzusida yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati ma`lum qildi.
V.Norov tadbirda so`zlagan nutqida so`nggi yillarda Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi kurashda umumiy tamoyillar va yondashuvlar bo`yicha mintaqaviy konsensusni mustahkamlash, ushbu sohada ikki va ko`p tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmlarini yaratish, tajriba va axborot almashinuvini kengaytirishda erishilgan yutuqlarni qayd etgan.
Uning ta`kidlashicha, BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo`yicha Qo`shma harakatlar rejasini qabul qilinishi orqali Markaziy Osiyo mazkur dasturni mintaqaviy darajda muvaffaqqiyatli amalga hayotga tadbiq etishning ilk namunasini ko`rsatdi. Terrorizmga qarshi kurash bo`yicha milliy tizimlar shakllantirildi hamda mamlakatlarning BMT tavsiyalariga to`liq mos keladigan harakatlar strategiyalari ishlab chiqildi.
"Mintaqadagi umumiy xavf-xatarlar va tahdidlarga qarshi kurash bo`yicha birgalikdagi harakatlar uchun mustahkam asos bu do`stlik, yaxshi qo`shnichilik, o`zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasidagi yaqin munosabatlardir. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mamlakatlarimizning mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta`minlashdagi ulkan salohiyatini ro`yobga chiqarishga yordam bermoqda", dedi V. Norov.
Joriy yil iyul oyida bo`lib o`tgan Maslahat yig`ilishida XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yo`lidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va hamkorlik to`g`risida tarixiy shartnoma qabul qilindi.
V.Norov qayd etganidek, O`zbekiston dunyo hamjamiyati tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlarining o`zaro yaqinlashuv va hamkorlik jarayonlarini, mintaqaning global iqtisodiy va transport aloqalariga integrasiyalashuvini bundan keyin ham qo`llab-quvvatlanishiga umid bildirmoqda.