O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasida o`zbek—qozoq davlat chegarasini demarkasiya qilish to`g`risidagi shartnoma loyihasi tayyorlandi, deb xabar beradi "Zakon.kz".
Hujjatda qayd etilishicha, Qozog`iston—O`zbekiston davlat chegarasining boshlang`ich nuqtasi Qozog`iston, Qirg`iziston va O`zbekiston davlat chegaralarining tutashgan joyi hisoblanadi. Davlat chegaralarining so`nggi nuqtasi esa Qozog`iston, Turkmaniston va O`zbekiston davlat chegaralarining tutashgan joyidir.
Davlat chegarasining demarkasiyalangan chizig`ining uzunligi 2356,666 kilometrni tashkil etadi. Tomonlar davlat chegarasi chizig`iga jami 1301 ta chegara belgisini o`rnatgan.
Tomonlar jami 1672 ta chegara ustunini o`rnatgan, jumladan, asosiylari — 868 ta, shundan Qozog`iston tomonida — 437 ta, O`zbekiston tomonida — 431 ta; oraliq chegara ustunlari — 804 ta, shundan Qozog`iston tomonida — 428 ta, O`zbekiston tomonida — 376 ta.
Shartnoma kuchga kirgandan so`ng tomonlar har 10 yilda bir marta davlat chegarasi chizig`i belgilanishini birgalikda tekshirib turadi. Tomonlarning kelishuviga ko`ra tekshirish shartlari o`zgartirilishi, shuningdek, uning alohida uchastkalarida davlat chegarasi chizig`ining belgilanishini birgalikda tekshirish ham o`tkazilishi mumkin.
Hujjatda keltirilishicha, tomonlardan hech biri bir tomonlama tartibda davlat chegarasi chizig`i to`g`risidagi shartnomada ko`rsatilmagan chegara yoki davlat chegarasini belgilovchi boshqa belgilarni o`rnatishi mumkin emas.
Hozirda mazkur shartnomani imzolash to`g`risidagi farmon loyihasi Qozog`iston prezidenti tomonidan ko`rib chiqish uchun kiritilgan.






