Xabaringiz bor, ayni paytda O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmanistonda bo`lib turibti.
Davlat rahbari Ashxobod xalqaro aeroportida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o`rinbosari Botir Atdaev va boshqa rasmiy shaxslar tomonidan kutib olindi.
Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga, 21 oktyabr kuni bo`lib o`tadi.
Hozir esa O`zbekistonning Turkmaniston bilan aloqalari borasida ba`zi faktlarga to`xtalib o`tsak.
- So`nggi yillarda Prezident Sh.Mirziyoev rahbarligida O`zbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan yaqin qo`shnichilik, ochiq va o`zaro manfaatli munosabatlarni faol rivojlantirish bo`yicha jadal siyosat olib bormoqda – mintaqa Toshkent tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo`nalishi hisoblanadi.
- Mirziyoevning O`zbekiston Prezidenti sifatida o`zining birinchi xorijiy tashrifini 2017 yil mart oyida aynan Turkmanistonga amalga oshirgani ikki tomonlama aloqalarning ustuvor ahamiyatga ega ekanini ko`rsatadi. Tashrif davomida tarixiy hujjat – Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnoma imzolandi.
O`z navbatida 2022 yil 14-15 iyul kunlari Serdar Berdimuhamedovning mintaqa darajasidagi birinchi davlat tashrifi O`zbekistonga amalga oshirildi. - Turkmaniston – O`zbekistonning mintaqadagi asosiy savdo sheriklaridan hisoblanadi. O`zbekiston qishloq xo`jaligi texnikalari, oziq-ovqat mahsulotlari, mineral o`g`itlar, qurilish materiallari, kimyo va to`qimachilik mahsulotlari va turli xizmatlarni eksport qiladi. Turkmanistondan neft mahsulotlari, mexanik uskunalar, polimerlar va boshqa kimyoviy tovarlar import qilinadi. O`zaro tovar aylanmasi 2021 yilda $902,9 mln.ni (+67,6%) tashkil etgan.
- Transport-logistika aloqalarini global miqyosda qayta ko`rib chiqish sharoitida O`zbekiston va Turkmaniston ikki mamlakatning tranzit salohiyatini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega bo`lgan transport sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor.
Turkmaniston mintaqada asosiy tranzit davlatlardan biri hisoblanadi – O`zbekiston tovarlarining katta miqdorini Eron chegarasigacha va undan keyin Fors ko`rfazi portlarigacha olib o`tish ushbu davlat hududi orqali amalga oshiriladi. Bundan tashqari, tomonlar “O`zbekiston – Turkmaniston – Kaspiy dengizi – Janubiy Kavkaz” transport marshruti salohiyatidan maksimal darajada foydalanish bo`yicha hamkorlikda ishlamoqdalar.
Ikki mamlakat kommunikasiya tizimlarini integrasiya qilish yuklarni nafaqat O`zbekiston hududi orqali Turkmanistonga va aksincha tashish imkonini beradi, shu bilan birga Yaqin va O`rta Sharq bozorlariga qisqa yo`l orqali chiqishni ta`minlaydi.
2021 yil yakuniga ko`ra, avtomobil transportida xalqaro yuk tashish hajmi 17% o`sdi.
- O`zbekiston va Turkmaniston Afg`onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish, afg`on xalqining tanlagan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo`lini hurmat qilgan holda, uning gullab-yashnagan mamlakatga aylanishidan o`zaro manfaatdor.