AsosiyJamiyat

"Afsus... O`gaymi? Kechir, meni ona tilim..." O`zbek tili bayrami: kim nima deydi?

'"Afsus... O`gaymi? Kechir, meni ona tilim..." O`zbek tili bayrami: kim nima deydi?'ning rasmi

21 oktyabr — O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun. 1989 yil ushbu tarixiy ishga qo`l urilgan. O`tgan yildan boshlab esa, 21 oktyabr — O`zbek tili bayrami kuni sifatida nishonlanmoqda. 33 yildan buyon mazkur sanada O`zbekiston bo`ylab turli tadbir va o`zbek tiliga bag`ishlangan bayramu bag`ishlovlar qilinadi. Biroq davlat tilimizga bo`lgan munosabat esa hamon achinarli, o`zbek tili davlat tili ekaninini faqat 21 oktyabrdagina esga olamiz, xolos... Inchinun, jamoatchilik fikri ham shunday. "darakchi.uz" 21 oktyabr — O`zbek tili bayrami kuni munosabati bilan jamoatchilikning ijtimoiy tarmoqlarda bildirgan fikr va mulohazalariga e`tibor qaratdi. 

To`rtta shoirga she`r o`qitgan bilan tilimiz mavqei oshib qolmaydi, deya katta post e`lon qildi "Platforma" kanali.

"22, boring ana 23-24 oktyabrlarga borib bu ko`tarinkilik birdan "o`chadi".  Yana hammasi oldingidek davom etaveradi.  

O`ttiz yildan buyon erisholmayotgan masalalar yana kun tartibidan tushib qoladi. So`nggi yillarda siyosiy "rutbasi"ni tiklayotgan til yana "millatlararo munosabat tili" deya e`zozlana boshlaydi. Va bu da`vo siyosat va ilm-fan tiliga aylanolmayotgan milliy til — davlat tilining nufuzini yana ikkinchi qatorga tushiradi. Uni bayramlarda bir-ikki kun eslanadigan madhbozlik va kompaniyabozlik "fenomeni"ga aylantiradi.  

Bugun dunyoda o`zbek tilida so`zlashuvchilar soni 60 mln. ekan. Bu katta nufus. Mintaqamiz aholisining deyarli 80 foizini tashkil qiladi. Biroq shuncha so`zlovchisi bor, qolaversa, Navoiy, Fitrat, Cho`lpon kabi buyuk ajdodlarimiz ijod qilgan til shuncha yildan buyon ro`zg`or tilidan siyosat yoki ilm-fan tiliga aylanolmayapti. 

Taklif shundayki, tilimizning "latofati" bilan doim shug`ullanadigan Ma`naviyat va ma`rifat markazi, Til bo`yicha departament degan tashkilotlar masalaning shu tomoniga e`tibor berishlari kerak. Tilimiz unday, tilimiz bunday deb to`rtta shoirni she`r o`qitgan, sovuq kunda atlas ko`ylak kiydirib, jajji qizchalarimizni maqomga o`ynatgan bilan tilning mavqei oshib qolmaydi. Undan ko`ra, o`sha mas`ul idoralar mamlakatdagi Til va adabiyot instituti, Tarix instituti va boshqa aloqador ilmiy markaz mutaxassislari, chet ellik o`zbek tili va tarixidan xabardor ekspertlarni yig`ib, masalani o`rtaga qo`ysa, masalaga anchayin yaqin borgan bo`ladi.  

Davlat bunday masala uchun pul topib berishiga men yuz foiz ishonaman. Faqat taklif va loyihani ishlab chiqa oladigan, uning istiqbolini isbotlay oladigan mas`ullar bo`lsa bo`lgani. Menimcha, hozir biz shu joyda qoqilib turibmiz", - deya yozib qoldirgan kanal muallifi. 

Jurnalist Navbahor Karimova qisqa jumla bilan o`z iztiroblarini bildirib o`tgan.

"Ona tilim, bizlarni kechir... Uzr tilimga shundan boshqa so`z kelmadi", - deya qoldirilgan feysbukdagi postda. 

Xuddi shunday qisqa jumlalarda ifodalangan afsus va o`kinchni O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist Norqobil Jalilov ham e`lon qildi.

"1989 yil 21 oktyabr... 2022 yil 21 oktyabr... Eh, ona tilim-a..." deyilgan qisqa va tushunarli holda.

O`zLiDeP etakchisi Alisher Qodirov ham o`z sahifasida dolzarb mulohazalarni keltirgan. 

"Rivojlantirish darajasini o`zbeklarning ona vatani bo`lgan O`zbekistonda o`zbek tiliga bo`lgan munosabat belgilab beradi. Til bilish fazilatdir. Bolalarimiz o`zbek, ingliz, rus, arab, fors tillarini mukammal o`rgansinlar, faqat 10 yoshdan keyin! Bolaning ongosti, o`zligiga uyg`un ruhiy dunyosi shakllanadigan ilk davrini begona til muhitida o`tkazishga majburlash nafaqat pedagogik xato, balki o`zlikka nisbatan jinoyatdir. O`zbek - o`zbek, tojik - tojik, qozoq - qozoq, rus - rus tilida savodini chiqarsin. 4 - sinfdan boshlab, o`zbek tili majburiy, qolgan tillar ixtiyoriy, o`rganish uchun sharoit yaratilishi kerak.  Biz ham millatdoshlarimiz yashaydigan davlatlarda bog`cha va maktablar ochish haqida o`ylashimiz kerak. Millat, til va Vatan Yaratganning omonati bo`lib, tanlanmaydi, nasib qiladi". 

Faol jurnalist Sharofiddin To`laganov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida til borasida yana bir muhim jihatlarga e`tibor qaratgan. 

"Bugun O`zbek tili bayramida tanqidiy fikrlarni aytish noqulay. Har holda bayram. Ammo mavjud muammolarni qachon aytamiz? Hozir aytib, jamoatchilik e`tiborini shu muammolarni bartaraf etishga qaratish lozim. Keyin hech kim e`tibor qaratmaydi.

Masalan, deylik Sakkokiy, Atoyilarning g`azallari internetda bormi? Hatto, zamonaviy shoir va yozuvchilarimizning kerakli she`rini, hikoyasini, qaydlarini topa olmay qolgan vaqtlarimiz ham bo`lgan. Xurshid Davron va Davronbek Tojialievlarga rahmat, adabiyotimiz namunalarini imkon qadar o`z sahifalarida joylashtirib borishadi.

Deylik, “korrupsiya” haqida ma`lumot kerak bo`lib qoldi. Internetga kirasiz, asosan minglab ruscha ma`lumotlar. O`zbek tilida nari borsa 10ta ma`lumot bor-ov. Qolganlari korrupusiyaga qarshi o`tkazilgan majlis-u, tadbirlar haqidagi xabarlar chiqadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bir-birimizni bayram bilan tabriklab, joylarda turli tadbirlar o`tkazish bilan o`zbek tilini qadrini yuksaltirib bo`lmaydi. Bir vaqtlar she`r va g`azallar, kitoblar yozilib o`zbek tili mavqei ko`tarilgan edi. Endi tilimiz mavqeini internet orqali ham yuksaltirishimiz kerak.

O`zbek tilida yuz mingdan ortiq so`z borligini aytamiz. Ammo, matbuotda, TV, radio va saytlarda mana shu so`zlarning qanchasidan foydalanamiz? Nari borsa 10 minggidan. Qolgan 90 minggi, o`gaymi? Shu sababli, internetda shevalarimizni ham ishlataveraylik", - taklif qilmoqda To`laganov.

 

 

 

    Boshqa yangiliklar