18-21 oktyabr kunlari Janubiy Koreyaning Seul shahrida Milliy olimpiya qo`mitalari assosiasiyasining (ANOC) XXVI Bosh assambleyasi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston xalqaro kurash assosiasiyasining xabar berishicha, nufuzi jihatidan Xalqaro olimpiya qo`mitasidan keyingi o`rinda turadigan tashkilotnining eng muhim anjumanida dunyoning barcha milliy olimpiya qo`mitalari vakillari, Xalqaro Olimpiya qo`mitasi a`zolari va xalqaro sport o`yinlari tashkiliy qo`mitalari rahbarlari ishtirok etishdi.
Mazkur nufuzli sport anjumanida Xalqaro Kurash assosiasiyasi Prezidenti, Osiyo Olimpiya Kengashi Osiyo o`yinlari Bosh direktori, Olimpiya o`yinlari bo`yicha ANOC ishchi guruhi a`zosi Haydar Farman va Xalqaro Kurash assosiasiyasi Vise–Prezidenti Ziyoviddin Hojiniyazovlar ishtirok etib Kurashni dunyo bo`yicha keng ommalashtirish bo`yicha ko`plab uchrashuvlar o`tkazilgan.
O`zbekiston delegasiyasi Afrika Milliy Olimpiya qo`mitalari Assosiasiyasi (ANOSA) prezidenti bilan Kurashni Afrika o`yinlari Dasturiga kiritish bo`yicha amalga oshirish lozim bo`lgan vazifalarni kelishib olishdi.
Shuningdek, uchrashuvlar davomida Evropa olimpiya qo`mitasi a`zolari bilan ham muzokaralar olib borilgan. Kurashni Evropa yoshlar o`yinlariga Dasturiga kiritish bo`yicha dastlabki kelishuvlar amalga oshirildi. Mazkur masala bo`yicha muzokaralarning amaliy bosqichi davom etmoqda.
Qayd etilishicha, qit`aviy o`yinlar Olimpiya o`yinlaridan keyingi o`rinda turadigan nufuzli sport bayramidir. Kurashning qit`aviy o`yinlar Dasturidan rasman o`rin olishi kelgusida Olimpiya o`yinlari Dasturiga kiritilishida muhim ahamiyatga egadir.
IKA raxbariyati tomonidan Kurash 2018 yili Indoneziyada bo`lib o`tgan Yozgi Osiyo o`yinlari Dasturiga kiritilgan edi. 2023 yil Xitoyning Xanjou shahrida bo`lib o`tadigan navbatdagi Yozgi Osiyo o`yinlarida ham Kurash bo`yicha rasmiy bellashuvlar bo`lib o`tadi.