1

G`aroyibot: Tushdagi 190 tosh

Mutolaa 29.08.2016, 15:48
G`aroyibot: Tushdagi 190 tosh

Biz gohida tushlarimizga ahamiyat bermaymiz. Lekin vaqt o`tib ko`rganlarimiz bizga nimalar haqidadir so`zlaganiga amin bo`lamiz. Surxondaryolik muxlisimiz Sitora Karimova ham xuddi shu bilan bog`liq voqeani yozib, bizga yo`llabdi...

“Bu voqea o`tgan yili sodir bo`lgandi. Uni hech kimga aytmagandim. Bu yil test imtihonlari javobi chiqishi arafasida yana yodimga tushdi va sizlarga yozib yuborishga jazm qildim.

Ikki yil o`qishdan yiqildim. Rosa siqilganim etmagandek, uyga kelayotgan sovchilar ham yuragimni xun qilardi. Onamning gaplari esa ortiqcha.

—  Ikki yil ko`nglingga qaradik. Ana, dugonalaring to`y bo`lib, bolali ham bo`ldi. Katta ro`zg`orning egasi. Beshik quchoqlab o`tiribdi. Sen esa kitob quchoqlashdan bo`shamaysan. Ko`nglingga qaragan ham shuncha bo`lar. Endi so`rab ham o`tirmayman! Dilimga o`tirganiga uzataman-qo`yaman! — deydi har gapining birida. 

Gap topib bera olmayman. Rostdan ham ular ikki yil o`qishga hujjat topishirishim uchun izn berishdi. Agar kirib ketsam, o`qitishga ham tayyor. Faqat... faqat men buning uddasidan chiqa olmayapman. Ochig`i, birinchi yili shartnoma asosida talaba bo`lgandim. O`zim o`qishdan voz kechdim. Axir nima qilaman, uydagilarga jabr qilib? Shartnoma pulini to`lashsinmi, meni o`qitishsinmi, uka va singillarimni boqishsinmi, xasta buvimga dori olib berishsinmi?

—  O`qimayman! Byudjetga kirsam o`qiyman! Kelasi yil albatta, byudjetga kiraman! — dedim ishonch bilan.

Shartnoma asosida talaba bo`lganim ota-onamda ham mening bilimimga nisbatan ishonch uyg`otdi. O`zimga juda ishonib yubordimmi yo dala ishlariga ko`p chalg`idimmi, darsliklarni kam takrorladim. Natijada ikkinchi yili shartnomaga ham ilinmasam deng.

Ko`zlarimga ishonmadim. Yig`ladim, siqtadim. Uydagilar ham siqildi. Oxiri onam chorasini topgandek dedi:

—  Bo`ldi, turmushga beraman! Ja o`qiging kelsa, ana kelin bo`lgan joying o`qitadi. Shunaqa shart qo`yamiz! 

Men esa oyoq tirab oldim. Onam shu darajada kirishdiki, oxiri otamga yalinishga majbur bo`ldim:

—  Otajon, shu yil yana bir marta hujjat topshiray. Oxirgi imkoniyatni bering. Onamga ayting! Mayli agar kirsam ham, kirmasam ham qanday qaror chiqarish sizlarning ixtiyoringizda. Oxirgi marta hujjat topshirishga, imtihonga kirishga ruxsat bering...

Otam ko`nglimga qaradi. Men esa tinimsiz darsliklarni takrorladim. Orada kasal buvimga ham yalinib qo`yaman:

—  Buvi, duo qiling! “O`qishga kirib ketsin”, deb duo o`qing...

Buvim uzundan uzoq duo qiladi. Men ixlos bilan yuzimga fotiha tortaman. Keyin yana o`qishga kirishaman. Xullas, o`sha kutilgan 1 avgust ham keldi. Cho`chibgina imtihonga kirdim. Test savollarining hammasi tanish. Faqat negadir ikkilanaman. Qo`rqaman. Odam hadiqsirasa, o`ziga bo`lgan ishonchi ham pasayaverarkan. Barcha javoblarni ikkilanish va qo`rquv bilan belgiladim. 

Keyingi o`tgan ikki haftadan ortiq kunlarning har biri asrlarga tatidi men uchun.  Javob chiqadigan fursat yaqinlashgani sari yuragim orqada tortadi.

“Ey Xudoyim, shartmanda qilma!” deyman beixtiyor.

Ana shunday kunlarning birida tush ko`ribman. Tushimda baland tog` yoniga turganmishman. U toqqa olib chiqadigan bir yuz to`qsonta tosh bor emish. Toshlar qirrali va osilib turganmish. Shularga osilib-osilib tepaga chiqishim kerak emish. 

—  Juda baland-ku! — debman rangim oqarib.

—  Chiqsang chiq! Bo`lmasa, kelgan sovchilarni qaytarmayman, — dermish onam.

Oxiri chiqa boshlabman. Osilib-osilib, qo`llarim tolib har bitta boshdan ushlab tepaga chiqardim. Shunaqa charchabmanki...

Bir yuz to`qsoninchi toshga ham osilib qarasam, yana uch-to`rtta mayda toshchalar bormish. Ulardan hatlab-hatlab o`tib ketibman. Baland tog` cho`qqisida boshim aylangudek holda, chiqa olganimdan yum-yum yig`larmishman...

Uyg`onib ketsam, o`ngimda ham terga botib yig`lab yotibman...

Ertasiga yana shunga o`xshash tush ko`ribman. Ishonsangiz tushimda naq bir yuz to`qsonta tuxumni berishib, menga “Shuni eyishing kerak”, dermish...

Terga botib, yig`lab shu tuxumlarning hammasini eganmishman.

Ishonasizmi, shu ikki tushni ko`rganimdan ikki kun o`tib test javoblari chiqdi. SMS xabar orqali natijani bilishga urindim. Kelgan javobni ko`rib esa ko`zlarimga ishongmadim. Bir yuz to`qson baldan yuqoriroq to`plab byudjet asosida talab bo`libman...

Shukrki, ikkinchi kursga o`tyapman. Lekin o`shandan buyon har kuni ko`rgan tushimni eslashga, nimaga ishora ekanligini topishga urinaman...

KAMINA oqqa ko`chirdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1