Sal avval Ukrainalik jurnalist O`zbekistonni Rossiyaga Eron dronlarini etkazib berishda ayblagani va deputat Alisher Qodirov O`zbekiston Tashqi ishlar va Mudofaa vazirliklari bu tuhmatni rasman rad etishi va Gordonni uzr so`rashga majbur qilishi kerakligini aytgani haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, holatga O`zbekiston Mudofaa vazirligining munosabatini e`lon qildik.
Ukrainalik jurnalistning aybloviga O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham rasmiy bayonot bilan chiqdi:
"Internet tarmog`ida ukrainalik jurnalist va bloger Dmitriy Gordonning isroillik tadbirkor Leonid Nevzlin bilan videointervyusi tarqalib, go`yoki unda Eronning uchuvchisiz uchoqlari (dron) O`zbekiston hududida yig`ilayotgani to`g`risida yolg`on ma`lumotlar keltirilgan.
Shuni alohida ma`lum qilamizki, O`zbekiston Respublikasi Eron Islom Respublikasi bilan harbiy-texnik sohada hamkorlik qilmaydi va o`z hududida Eron harbiy texnikasini yig`maydi" deyiladi xabarda.
Shuningdek bayonotda Hozirgi vaqtgacha Ukraina tomonidan ham, boshqa xorijiy hamkorlardan ham “Eron dronlarini yig`ish” masalasi bo`yicha rasmiy murojaatlar kelib tushmaganligi ma`lum qilindi.
"Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ukraina rasmiy hukumatiga Ukraina ommaviy axborot vositalarida O`zbekiston to`g`risida ikki tomonlama munosabatlarga putur etkazishi mumkin bo`lgan bunday asossiz ayblovlar va boshqa ishonchsiz ma`lumotlar tarqatilishining oldini olish bo`yicha tegishli choralar ko`rishni so`rab murojaat qiladi" TIV deyiladi bayonotida.






