1

Namanganda milliy filmlar namoyish etilmoqda

Madaniyat 28.10.2022, 14:38
Namanganda milliy filmlar namoyish etilmoqda

Namangan viloyatida “Yangi O`zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida Kinematografiya agentligi va kinoijodkorlardan tashkil topgan “Kinokarvon” jamoasi ishtirokidagi tadbirlar davom etmoqda. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Viloyatning To`raqo`rg`on tumanida “Baron 2. Sog`inch” filmining namoyishi bo`lib o`tdi. Film taqdimotidan avval kinoijodkorlar va To`raqo`rg`on tumani hokimi Ahror Mansurov ishtirokida davra suhbat tashkil etildi. 

Ma`lumot uchun, “Baron 2. Sog`inch” – yilning eng kutilgan filmi bo`lib, kinokartinani suratga olish ishlari O`zbekiston, Rossiya va Turkiyada olib borilgan. Film O`zbekiston kino amaliyotida birinchi marta lenta raqamli va uy kinoteatrlari uchun yuqori aniqlikdagi tasvirlarni taqdim etuvchi o`ta yuqori 4K rezolyusiyada suratga olingan. Film nafaqat o`zbekistonliklar, balki chet elliklarning ham hurmatiga sazovor bo`lgan aktyor Farhod Mahmudov ijrosida mohirona gavdalantirilgan o`zbek razvedkachisi misolida, maxsus xizmatlar vakillari missiyasining murakkabligi haqida hikoya qiladi. 

Bugun ham Namangan viloyatida filmlar namoyishi davom etadi. Jumladan, Chortoq tumanida “Baron 2. Sog`inch” filmi, Uchqo`rg`on va Kosonsoy tumanlarida esa “Ayol qismati” badiiy filmining namoyishi bo`lib o`tadi.

Suriyadan qaytgan ayollar taqdiri haqida hikoya qiluvchi “Ayol qismati” filmi ham namanganliklar uchun Kinematografiya agentligi tomonidan o`ziga xos tuhfa bo`ladi. Bir ayolning qismati, juda ko`pchilikning taqdirini birlashtiradi. Film qahramoni turmush mashaqqatlari sabab o`z yurtini tark etadi. U yaqinlariga ergashish ortidan Rossiya, Pokiston, Eron, Turkiya, Suriya va Iroq zamini uzra uzoq kezadi. Unga hamisha baxt qiyinchiliklar evaziga keladi, deb uqtirishardi. Musofir bo`lmaguncha musulmon bo`lmaysan, deb yarim dunyoni aylanib chiqadi. Lekin iqbol o`rniga zavol topadi. Ko`z o`ngida katta o`g`li Salohiddinning o`limi, kichkina o`g`li Qahramonning portlagan binolar ostida qolishi Sojidaning nigohlari so`nishiga olib keladi. U kelajak haqidagi yaxshi hayollardan butkul umidini uzadi. Lekin Sojidaning yana hayotga qaytishi juda katta voqeaga aylanadi. 

Bilasizmi, “Ayol qismati” filmi inson qalbi, insoniy qadriyatlar, o`zlikni anglash haqida. Shuningdek, film orqali insonning “inson” bo`lish uchun nimalar qilishi kerak, degan savolga javob topamiz. “Mehr” loyihasi orqali birinchi operasiyadayoq 156 ta ayollar va bolalar olib kelingan. Ulardan 41 tasi ayollar, qolgani bolalar. Filmda o`sha 41 ayolning ayanchli qismatidan hikoya qilinadi. Biz ayollar bilan suhbatlashdik, ular nega o`z vatanidan ketgani, Suriyaga borishining sabablari, “Al-Hol” lageriga qanday tushib qolgani haqida so`radik. Ssenariy ham mana shu suhbatlar asosida yozilgan. Film real voqealarga asoslangan. Badiiy sayqal berilgan bo`lsada, undagi personajlar hammasi oramizdagi kishilar. Filmdagi xorij mamlakatlarida ro`y beradigan voqealar ham O`zbekistonda suratga olingani sababli dekorasiyalardan keng foydalanganmiz. O`ylaymanki, Namanganda tashkil etilgan “Kinokarvon” tadbirlari doirasida namoyish etiladigan ushbu filmimiz tomoshabinlarga manzur keladi va qaysidir ma`noda kimlargadir saboq ham bo`la oladi”, – deydi film ssenariy muallifi va rejissyori Dilmurod Masaidov.

 Eslatib o`tamiz, “Kinokarvon” tadbirlari Namanganda 29 oktyabrga qadar davom etadi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1