Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, har yili dunyoda 650 ming nafarga yaqin inson mavsumiy grippdan vafot etadi. Qolaversa, ushbu virus turli surunkali kasalliklarning rivojlanishi uchun qulay muhit yaratishi bilan xavfli. Shu bois bu xastalikka e`tiborsiz bo`lish yaramaydi. Bu haqda SSV matbuot kotibi xabar berioqda.
— Kuz faslida turli mavsumiy yuqumli kasalliklar avj oladi, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mas`ul xodimi Dilorom Tursunova. — Ayniqsa, bu paytda barcha yoshdagi insonlar, xususan, bolalar va o`smirlar orasida gripp virusi ko`p uchraydi.
Uning eng ko`tarilish davri esa noyabr-mart oylariga to`g`ri keladi. Tabiiyki, bunday paytda har kim o`zi bilgan va sinalgan usullardan foydalanib, kasallikka qarshi kurashishi mumkin. Biroq mutaxassislar xastalikdan ishonchli himoyalanish uchun unga qarshi emlanishni tavsiya etadi.
Chunki grippning o`zidan ko`ra, asoratlari juda xavfli. Xususan, u pnevmoniya, bronxit, yuqori nafas yo`llarining ikkilamchi bakterial infeksiyalari (otit, sinusit), asab va yurak-qon tomir tizimi kasalliklari hamda qandli diabet kabi xastaliklarni keltirib chiqaradi. Eng yomoni, bu darddan xavf guruhiga kiruvchi insonlar o`z vaqtida davolanmasa, o`limga sabab bo`lishi mumkin.
Ayni paytda dunyoning aksariyat davlatlarida turli dori vositalari orqali gripp virusi davolanmoqda. Biroq uning ayrim turlarida virusga qarshi preparatlarga chidamlilik ortib, bu davolash samaradorligini chegaralayapti.
Buning ustiga, ko`pchilik o`ylaganidek, antibiotiklar ham ushbu virusni davolamaydi. Sababi mazkur dori vositalari faqat bakterial infeksiyalarga ta`sir qiladi.
Shu bois grippdan himoyalanishning eng samarali yo`li kasallikka qarshi emlanishdir. Aytish kerakki, vaksina xavfsiz va yuqori ta`sirga ega bo`lib, yillik kasallanish va o`lim holatlarini etarlicha kamaytiradi. Ya`ni zamonaviy grippga qarshi emlash vositalarining samaradorligi 90 foizni tashkil etadi.
JSST ushbu virusga qarshi, birinchi navbatda, homilador ayollar, 6 oylikdan 5 yoshgacha bo`lgan bolalar, keksa yoshli insonlar (65 yoshdan katta), surunkali kasalliklari bor bemorlar va tibbiyot xodimlarini emlashni tavsiya etadi, deyiladi xabarda.
08.11.2022 08:50
Grippga qarshi vaksina bizni kasallikdan to`liq himoya qiloladimi?
