AsosiyJamiyat

“O`zbekiston Konstitusiyasining 30 yilligi” esdalik nishonini ta`sis etish to`g`risida Prezident farmoni imzolandi

'“O`zbekiston Konstitusiyasining 30 yilligi” esdalik nishonini ta`sis etish to`g`risida Prezident farmoni imzolandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi sifatida demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, aholining erkin va obod turmushini ta`minlash, mamlakatning xalqaro maydondagi obro`-e`tiborini yuksaltirish hamda barcha sohalarda islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda mustahkam poydevor bo`lib xizmat qilmoqda.
Yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichida xalqimizning tinch va farovon hayoti uchun ishonchli kafolat bo`lgan Bosh Qomusimizni bugungi davr talablariga mos holda, eng muhimi, fuqarolarimiz xohish-irodasi va fikri hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi bo`lgan “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida haqiqiy xalq Konstitusiyasiga aylantirish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan, shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma`naviy salohiyatini yuksaltirish, mudofaa qudratini oshirishga munosib hissa qo`shib kelayotgan yurtdoshlarimizni taqdirlash maqsadida:
1. “O`zbekiston Konstitusiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni ta`sis etilsin.
2.Belgilansinki:
“O`zbekiston Konstitusiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma`naviy salohiyatini yuksaltirish, mudofaa qudratini oshirish, davlatimiz sarhadlarining daxlsizligini ta`minlash, tinchlik va barqarorlikni, millatlararo do`stlik va totuvlikni asrash, Yangi O`zbekistonda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, inson huquqlari va erkinliklari, qadr-qimmati ulug`lanadigan adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, Asosiy Qonunimizning hayotimizdagi o`rni va ahamiyatini keng targ`ib qilish, yosh avlodni qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo`shib kelayotgan barcha soha vakillari, mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda boshqa shaxslar taqdirlanadi;
“O`zbekiston Konstitusiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi bo`lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
3.“O`zbekiston Konstitusiyasining 30 yilligi” esdalik nishonining nizomi va tavsifi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
4.Vazirlar Mahkamasi (A. Aripov) bir oy muddatda:
“O`zbekiston Konstitusiyasining 30 yilligi” esdalik nishonlari va ularning guvohnomalari belgilangan tartibda tayyorlanishini ta`minlasin;
“O`zbekiston Konstitusiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlash uchun nomzodlar bo`yicha takliflarni to`plash va umumlashtirish ishlarini tashkil etsin.
5.Vazirliklar, idoralar, jamoat birlashmalari va boshqa respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari “O`zbekiston Konstitusiyasining 30 yilligi” esdalik nishonlari Konstitusiya qabul qilingan kun munosabati bilan joylarda o`tkaziladigan tadbirlarda tantanali vaziyatda topshirilishini tashkil etsin.
6. Belgilab qo`yilsinki, “O`zbekiston Konstitusiyasining 30 yilligi” esdalik nishonlari va ularning guvohnomalarini tayyorlash bilan bog`liq xarajatlar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg`armasi mablag`lari hisobidan qoplanadi.
Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlar bilan bog`liq sarf-xarajatlar uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg`armasidan zarur mablag`lar ajratilishini ta`minlasin.
7. Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi O`zbekiston Milliy axborot agentligi va O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda “O`zbekiston Konstitusiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlashga bag`ishlangan tadbirlarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
8. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                              Sh.MIRZIYoEV

    Boshqa yangiliklar