Janubiy Koreya AQShga artilleriya snaryadlari sotish bo`yicha muzokaralar olib bormoqda. Ammo Seul ularning keyinchalik Ukrainaga etkazib berilishiga qarshi. Bu haqda "Zamon.uz" "BBC News" ga tayanib xabar bermoqda.
Reuters agentligi ma`lumotlariga ko`ra, Janubiy Koreya Kievga harbiy yordam masalasida bosiqlik ko`rsatmoqda.
“AQShning 155 mmli snaryadlari zaxirasini to`ldirish uchun Amerika va Janubiy Koreya kompaniyalari o`q-dori eksporti bo`yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu faqat AQSh foydalanishi sharti bilan amalga oshirilyapti”, – degan Janubiy Koreya mudofaa vazirligi amaldori.
Vladimir Zelenskiy bir necha bor rasmiy Seulni Ukrainaga harbiy yordam berishga chaqirgandi. Ammo Prezident Yun Sok Yol oktyabrda Kievga hujumkor qurollar taqdim etilmasligini ma`lum qilgandi.
Ekspertlarning fikricha, Janubiy Koreya AQSh ittifoqchisi bo`lishiga qaramay, iqtisodiy omillarni hisobga olgan holda Moskva bilan aloqalarini yomonlashtirmoqchi emas. Bundan tashqari, Seul Kremlning KXDRga ta`siri masalasini ham inobatga olmoqda.






