1

Ulug`bek Qodirov “Kazbek” filmidagi bosh rolga tasdiqlandi

Madaniyat 11.11.2022, 21:18
Ulug`bek Qodirov “Kazbek” filmidagi bosh rolga tasdiqlandi

Minskda bo`lib o`tayotgan “Listapad” kinofestivalida kinoaktyor Ulug`bek Qodirov bilan “Kazbek” o`zbek-belarus filmida ishtirok etish bo`yicha shartnoma imzolandi. Bu haqda Kinomotografiyani rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Filmda Mamadali Topivoldiev-Kazbek obrazini Qodirov ijro etadi. Fashistlar uni “Osiyo arsloni” deb atagan.

Uch tomonlama shartnomani “O`zbekfilm” kinokonserni direktori Bahodir Odilov, aktyor Ulug`bek Qodirov hamda “Belarusfilm” kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiy imzoladi.

Kartinani suratga olish ishlari shu yilning dekabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan. Film rejissyori Muhamad Ali Iskandarov.

Kinoaktyor Ulug`bek Qodirov o`zining ushbu loyihadagi ishtiroki haqida shunday deydi:

– “Filmda bosh rolni  – Vatanimiz qahramoni, jasur inson Mamadali Topivoldiev  rolini o`ynayotganimdan nihoyatda faxrlanaman. Bu men uchun  katta sharaf va mas`uliyatdir. Ushbu rol mening II jahon urushi haqia olinayotgan filmdagi ilk ishtirokim,  birinchi tajribam. Biroz hayajondaman. Rolga tayyorgarlikni allaqachon boshlaganman.”

Aktyorning aytishicha, u muntazam ravishda sport zaliga tashrif buyurib, jiddiy shug`ullanmoqda. Chunki millat qahramoni qiyofasini ishonchli yaratish u uchun juda muhim.

“Listopad” kinofestivalda ishtirok etayotgan O`zbekiston  Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi va “Kazbek” filmi ijodiy jamoasi suratga olish rejalashtirilgan joylarda bo`ldi. Film qahramonlari uchun kerakli kostyumlar tanlash ham amalga oshirildi.

Agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov filmni suratga olish tafsilotlari haqida quyidagi  aytib o`tdi:

–  “Shu yil sentyabrda Samarqandda bo`lib o`tgan ShHTga a`zo davlatlar rahbarlarining sammitida o`zbek va belarus kinoijodkorlari o`rtasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilingan edi. Shuni alohida ta`kidlab o`tish joizki, biz birgalikda 3 yildan buyon samarali hamkorlik qildik. “Ilhaq”, “Muhabbat bahori” kabi filmlarni birgalikda suratga oldik, hozirda esa  ikkita kinoloyiha – “Kazbek” va “Yakub Kolass”ni suratga olish ishlarini  amalga oshirmoqdamiz. Jumladan, «Kazbek» ko-produksiyasining qiymati 2 million dollar bo`lib, bu mablag` “O`zbekfilm” va “Belarusfilm” kinokompaniyalari tomonidan teng ulushlarda to`lanadi”.

Eslatib o`tamiz, 7-11 noyabr kunlari Minskda Listapad kinofestivali bo`lib o`tdi. Unda an`anaga ko`ra O`zbekiston delegasiyasi faol ishtirok etdi. Minsk va Mogilev shaharlarida o`zbek kinosi kunlari bo`lib o`tdi, joylardagi kinoteatrlarda “101 reys”, “Ayol qismati”, “Sevishganlar” kabi o`zbek filmlari belaruslik tomoshabinlarga taqdim etildi.

Bundan tashqari, Ikkinchi jahon urushidagi G`alabaning 80 yilligiga bag`ishlangan loyihalar pitchingi bo`lib o`tdi. Unda Bahodir Umurzoqovning “Oyjamol” romani asosida ikki qismdan iborat “Hayosiz asr” kartinasi –ishg`ol qilingan hududlardan evakuasiya qilingan yuz minglab odamlarni qabul qilgan o`zbek xalqining olijanobligi va saxovatliligi haqidagi film loyihasi taqdim etildi.

Shuningdek, kinofestival doirasida MDH Ijroiya qo`mitasida Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a`zo davlatlar – Armaniston, Belarus, Qozog`iston, Qirg`iziston, Rossiya, Tojikiston, O`zbekiston kinematografiyasi bo`yicha Ishchi guruhining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Uchrashuvda Ishchi guruh a`zolari o`z mamlakatlarida milliy kinostudiyalarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida ma`lumot almashdilar. Ijodiy birlashma tarkibiga kirgan va boshqa bir qator davlatlar filmlarini taqdim etadigan yagona qo`shma platforma yaratish bo`yicha kelishuvga erishildi.

Ijodiy uyushmaning “Oltin to`plami” filmlarini ham yig`ishga kelishib olishdi.  Videoto`plamni MDH davlatlari  platformalarida tomosha qilish mumkin bo`ladi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1