AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev YuNESKO Bosh direktori bilan o`zaro manfaatli hamkorlikning yangi imkoniyatlarini muhokama qildi

'Shavkat Mirziyoev YuNESKO Bosh direktori bilan o`zaro manfaatli hamkorlikning yangi imkoniyatlarini muhokama qildi'ning rasmi

Bugun, 15 noyabr kuni Toshkentda o`tayotgan Kichik yoshdagi bolalarga tarbiya va ta`lim berish bo`yicha Butunjahon konferensiyasi doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev BMTning Ta`lim, fan va madaniyat masalalari bo`yicha tashkiloti (YuNESKO) Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar qildi. 

O`zbekiston bilan BMT tizimidagi ushbu nufuzli institut o`rtasidagi konstruktiv va samarali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Sermahsul sheriklikning bugungi darajasi mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakat dasturi va qabul qilingan “yo`l xaritasi”ga muvofiq qo`shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

O`zbekistonda ilk bor Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish xalqaro qo`mitasining a`zosi etib saylandi. Baxshichilik san`ati va lazgi raqsi nomoddiy madaniy meros ro`yxatiga kiritildi.

O`zbekistonda tarixiy meros ob`ektlarini himoya qilish masalalari bo`yicha xalqaro maslahat qo`mitasi faoliyati va Mintaqaviy gumanitar hamkorlik bo`yicha “Xiva jarayoni” yo`lga qo`yildi.

YuNESKO, shuningdek,  mamlakatimizning qishloq joylarida professional ta`lim tizimini rivojlantirishga texnik ko`mak ko`rsatmoqda.

Bundan tashqari, hamkorlikning ustuvor yo`nalishlarida qo`shma tadbirlar muntazam o`tkazib kelinmoqda.

Uchrashuvda Odri Azule O`zbekistonda yoshlarni qo`llab-quvvatlash, bolalarga tarbiya va ta`lim berish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi hamda ular, xalqaro miqyosda solishtirilganda, eng samarali bo`layotganini ta`kidladi.

Bosh direktor maktabgacha ta`limni rivojlantirish masalalariga bag`ishlangan Toshkent xalqaro konferensiyasi muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan tabrikladi.

Yangi Mamlakat dasturini amalga oshirishga alohida e`tibor qaratildi. Toshkent shahrida YuNESKOning mintaqaviy markazini ochishga, shuningdek, samarali hamkorlik doirasida qo`shma tashabbus va ilg`or loyihalarni ilgari surish bo`yicha yangilangan “yo`l xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.

    Boshqa yangiliklar