AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Evropa komissiyasi Vise-prezidentini qabul qildi

'Shavkat Mirziyoev Evropa komissiyasi Vise-prezidentini qabul qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 18 noyabr kuni Evropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo`yicha Oliy vakili, Evropa komissiyasi Vise-prezidenti Jozep Borrelni qabul qildi.

Pandemiyadan keyingi davrda jadal iqtisodiy tiklanish va mintaqalararo o`zaro bog`liqlikni rivojlantirish maqsadida O`zbekiston bilan EI o`rtasidagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

17-18 noyabr kunlari Samarqand shahrida o`tgan “Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatidagi vazirlar uchrashuvi hamda “Barqaror rivojlanish uchun global darvoza” mavzuidagi o`zaro bog`liqlik bo`yicha xalqaro konferensiyasining sermahsul yakunlari yuksak baholandi. Davlatimiz rahbari Evropa diplomatiyasi rahbariga ushbu muhim tadbirlarni qo`llab-quvvatlagani va ularda shaxsan ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Jozep Borrel, o`z navbatida, O`zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi siyosatini olqishladi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari bu borada katta muvaffaqiyatlarga erishganini ta`kidladi. Evroittifoq bundan buyon ham mintaqa davlatlari bilan siyosat, savdo, investisiya, raqamlashtirish, iqlim o`zgarishi va atrof-muhi, fan va ta`lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish niyatida.

Mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikning dolzarb muammolari muhokama qilinar ekan, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikka, shu jumladan Afg`onistondagi vaziyatning rivojiga alohida e`tibor qaratildi.

Samarqanddagi konferensiya yakunlari bo`yicha qo`shma “yo`l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda O`zbekiston Respublikasi va Evropa Ittifoqi o`rtasidagi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to`g`risidagi bitimni tez fursatda imzolashga kelishib olindi.

    Boshqa yangiliklar