Avvalroq Toshkent shahrining Yangihayot tumanida qurilish krani qulab tushgani haqida xabar bergan edik. Qurilish vazirligi holat yuzasidan qo`shimcha ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, ob`ekt bo`yicha Vazirlar Mahkamasining «Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamentlarini tasdiqlash to`g`risida»gi qaroriga asosan Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo`yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organi tomonidan xulosa berilgan. Complex Graphics MChJ loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan ishchi loyihani «Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi» DUK ko`rib chiqib, yig`ma ekspert xulosasi olingan. Shuningdek, Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasidan o`rnatilgan tartibda xabarnoma yuborish yo`li bilan qurilish-montaj ishlari boshlash uchun ro`yxatdan o`tgan.
Inspeksiya tomonidan qurilish ob`ektida monitoring ishlari o`tkazilgan bo`lib, Omega Agro Stroy MChJning qurilish ishlari bo`yicha ma`sul xodimlariga qurilishda yo`l qo`yilayotgan kamchiliklar, qurilish davrida yuritilishi kerak bo`lgan ijro hujjatlari o`z vaqtida yuritilmayotganligi hamda «Qurilishda xavfsizlik texnikasi»ning qurilish maydonida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan «Davlat nazorati» elektron tizim platformasi orqali ko`rsatmalar berilgan.
Shu bilan birga, inspeksiya tomonidan 2022 yil 19 noyabrda qurilish maydonidagi minora kranini demontaj qilinayotgan vaqtda qulaganligi yuzasidan joyiga chiqib o`rganilganda, qurilish ob`ekti, qurilish qatnashchilari va kran boshqaruvchisiga hech qanday jarohat etmagan, hozir ushbu holat bo`yicha ishchi guruh o`rganish ishlari olib bormoqda.






