Ijtimoiy tarmoqlarda "Akay City" qurilish maydoni yaqinidagi so`nggi turar joy binosi buzib tashlanganidan so`ng bir guruh fuqarolar yo`lni to`sib qo`yishga harakat qilishgani haqida video xabarlar tarqaldi.
Mirzo Ulug`bek tumanining aniqlashicha, "PLIT INDUSTRY BUILDING " turk kompaniyasi tomonidan M.Ulug`bek tumanining Qori Niyoziy va Lashkarbegi ko`chalarining oralig`ida "Akay city" ko`p qavatli turar-joy va savdo kompleksi qurilayotgan bo`lib, Qori Niyoziy ko`chasi, 25 uy manzilida fuqaro Ch.Rasulovga tegishli bo`lgan turar-joy binosi va qo`shimcha qurilmalarning buzilishi uchun qurilish kompaniyasi tomonidan kompensasiya to`lanishi ko`zda tutilgan.
Kompensasiya qiymatini aniqlash bo`yicha kompaniya vakillari va Ch.Rasulov o`rtasida vujudga kelgan kelishmovchiliklar 2021 yil 17 mayda Fuqarolik ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudi tomonidan ko`rib chiqilgan. Sud qaroriga ko`ra, kompaniya keltirilayotgan zararni 2 mlrd so`m qiymatida qoplashi kerak bo`lgan. Keyinchalik Ch.Rasulovning shikoyatlari Toshkent shahar va O`zbekiston Respublikasining Oliy sudi tomonidan apellyasiya va kassasiya tartibida ko`rib chiqilgan, biroq tumanlararo sudning qarori o`zgarishsiz qolgan.
Bundan so`ng, sud qaroriga muvofiq 2 mlrd so`mlik komensasiya MID tomonidan ko`rsatilgan ko`chmas mulkning oltin nafar egasi orasida taqsimlangan. Xususan, Ch.Rasulovning sobiq xotiniga – 50% (1 mlrd so`m), Ch.Rasulov, uning ukasi, ukasining xotini, shuningdek, fuqarolar A.Sultonxo`jaev va N.Ziyoxo`jaevalarga mol-mulkning umumiy qiymatidan 10 % dan (200 mln so`mdan) berilishi ko`zda tutilgan.
Ma`lum qilinishicha, bu summaga rozi bo`lmagan xonadon egalari umumiy maydoni 350 m2 bo`lgan buzilayotgan turar-joy binosi va qurilmalar uchun bir nechta teng qiymatli kvartiralar berilishini talab qilishgan.
O`tkazilgan tekshiruv choralari ko`rsatishicha, Toshkent shshahar hokimining 2015 yil 31 dekabrdagi qaroriga ko`ra, 1,6 gektarlik maydon buzilayotgan bino-inshootlar egalariga kompensasiya to`lash sharti bilan "PLIT INDUSTRY BUILDING" kompaniyasiga ajratilgan.
Yuqorida ko`rsatilgan manzilda joylashgan turar-joy va qurilmalarning umumiy maydoni 400 m2 bo`lib, ular Ch.Rasulov va uning sobiq xotini o`rtasida birgalikda orttirilgan mulk sifatida taqsimlangan.
2020 yil 11 martda notarial tasdiqlangan hadya shartnomasiga muvofiq Ch.Rasulov o`ziga tegishli bo`lgan ko`chmas mulk qismini 5 qismga – o`zi, ukasi, ukasining xotini, A.Sultanxodjaev va N.Ziyoxo`jaevalar o`rtasida, har biriga 10% dan taqsimlab chiqqan.
Hozirgi kunda, ajratilgan kompensasiyaning umumiy qiymatidan 1 mlrd so`mi Ch.Rasulovning sobiq xotiniga, 400 mln so`mi fuqarolar A.Sultanxodjaev va N.Ziyoxo`jaevaga berilgan.
Qayd etilishicha, Ch.Rasulovning noroziligi sababli, unga, uning ukasi va ukasining xotiniga tegishli bo`lgan 600 mln so`m MIBning depozit raqamida saqlanmoqda.
Qurilish maydonini tezroq bo`shatish maqsadida, qurilish kompaniyasi sud qaroriga muvofiq ajratilgan 2 mlrd so`mdan tashqari Ch.Rasulovga 117 m2 maydonli, bahosi 150 ming AQSh dollar qiymatga ega kvartirani taklif qilgan, lekin Ch.Rasulov bu taklifni rad etgan.
Bugungi kunda, sud qarori tuman MIB tomonidan ijro etilishi vv fuqaroning mol-mulkini ko`chirish, hamda ehtiyot chorasi sifatida noqulay ob-havo sharoitida buyumlar uchun mo`ljallangan saqlash xonasiga (konteyner) joylash nazarda tutilgan.
"Yuqoridagilardan kelib chiqib, noqulay ob-havo sharoitini hisobga olgan holda, tadbirkorga fuqaro ko`chib chiqishi uchun ma`lum bir muddat berishni tavsiya qilamiz. Shuningdek, tadbirkorlik sub`ekti va fuqarolar imkon qadar murosaga kelishlarini so`rab qolamiz", - deyiladi tuman hokimligi xabarida.






