Samarqand shahrida 2022 yil 5-6 dekabr kunlari "Inson huquqlari sohasida ta`lim" mavzusida o`tkaziladigan Global forumning asosiy maqsadlaridan biri – BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining 2022 yil 6 oktyabrdagi 51/2-sonli rezolyusiyasi doirasida, Jahon ta`lim dasturining beshinchi bosqichi bo`yicha takliflarni muhokama qilishdir. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lumki, 2004 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi – inson huquqlari sohasidagi ta`limni amalga oshirishga ko`maklashish maqsadida – Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturini e`lon qilgan. BMTning Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasi Jahon ta`lim dasturining bajarilishini global darajada muvofiqlashtirib borishi belgilangan.
Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturi – doimiy amalga oshiriladigan uzluksiz bosqichlardan iborat tashabbusdir. Ushbu jarayon bilan hayotimizning barcha sohalarini keng qamrab olishga ko`maklashish uchun davlatlar inson huquqlari bo`yicha ta`limni boshlang`ich va o`rta maktab, oliy ta`lim tizimida, o`qituvchi va targ`ibotchilar, davlat xizmati, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va harbiylar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari o`rtasida singdirib borishi taqozo etiladi.
Jahon ta`lim dasturi BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta`lim va tarbiya to`g`risidagi deklarasiyasini milliy darajalarda amalga oshirishni faollashtirishga yordam beradigan foydali vositadir.
O`tgan davrda Jahon ta`lim dasturi inson huquqlari sohasidagi ta`lim bo`yicha milliy sa`y-harakatlar negizida quyidagi ketma-ket bosqichlarda izchillik bilan amalga oshirilmoqda:
- 2005-2009 yillarni qamragan birinchi bosqichda – boshlang`ich va o`rta maktablar tizimiga inson huquqlari bo`yicha ta`limni integrasiya qilishga e`tibor qaratildi;
- 2010-2014 yillarda amalga oshirilgan ikkinchi bosqich – oliy ta`lim tizimiga inson huquqlari sohasidagi ta`limni uyg`unlashtirish hamda o`qituvchilar va ta`lim sohasi xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va harbiy xizmatchilarni ushbu soha bo`yicha tayyorlashga bag`ishlandi;
- 2015-2019 yilarga mansub uchinchi bosqichda – erkin, mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalarining adolatni targ`ib qilish, kamsitishlarga yo`l qo`ymaslik, hurmat va erkinlikni ta`minlashdagi muhim rolini e`tirof etgan holda, inson huquqlari sohasida OAV mutaxassislari va jurnalistlarni tayyorlashga alohida urg`u berildi;
- 2020 yildan – 2024 yilga qadar davom etayotgan to`rtinchi bosqichda yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash, inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beruvchi ta`lim berishga asosiy e`tibor qaratilmoqda.
BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining 2022 yil 6 oktyabrdagi Rezolyusiyasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturining to`rtinchi bosqichini amalga oshirishga mas`ul tegishli manfaatdor tomonlarning bu boradagi ijobiy tashabbuslari alohida ta`kidlandi. Shuningdek, barcha davlatlar va manfaatdor tomonlarga Jahon ta`lim dasturi bosqichlari hamma sohalarga chuqur tatbiq etilishini faollashtirish tavsiya etildi.
O`z navbatida, Rezolyusiyada Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturining beshinchi bosqichida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan takliflarni shakllantirish masalasi kun tartibiga qo`yildi. BMTning Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasiga BMTning barcha tuzilmalari, davlatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va manfaatdor tomonlarning ayni mavzudagi fikr-mulohazalarini so`rab olish tavsiya etildi.
Shu ma`noda, «Inson huquqlari sohasida ta`lim» mavzusidagi Global forumda, jumladan, Jahon ta`lim dasturi beshinchi bosqichi bo`yicha takliflarning muhokama qilinishi muhim ahamiyatga ega. Bu omil, bir tomondan, ushbu xalqaro anjumanning qanchalik dolzarbligini ko`rsatsa, ikinchi tomondan, Samarqand Global forumida tom ma`noda umumbashariy masalalar ko`rib chiqilishini yana bir bor tasdiqlaydi.