Ilk bor Xitoyda aniqlangan SOVID-19 kasalligi oradan uch yil o`tib, yana ushbu davlatda shiddat bilan tarqala boshladi. Xususan, o`tgan kuni hukumat rasmiylari mamlakatda kunlik xastalanish ko`rsatkichlari pandemiya davridagi mutlaq rekord ko`rsatkichga etganini qayd etdi — 31,5 ming nafar bemor! Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, o`tgan uch yil davomida bu erda faqat aprel oyida xavotirli o`sish dinamikasi kuzatilgandi. O`shanda eng ko`pi bilan kuniga 30 mingga yaqin kishiga COVID-19 tashxisi qo`yilgan.
Shundan so`ng Chin yurtida amalga oshirilgan qat`iy cheklovlarga asoslangan “nol holat” strategiyasi ma`lum muddat odamlarni bu xavfli kasallikdan himoyaladi. Ammo butun dunyo bo`ylab keng tarqalayotgan pandemiyaning yangi to`lqini oxir-oqibat qariyb 1,5 milliard aholiga ega Xitoyni ham chetlab o`tmadi.
Hozir mamlakat rasmiylari karantin choralarini yanada kuchaytirish harakatida. Yirik shaharlarda qisman lokdaun va kasallikni aniqlashga qaratilgan ommaviy test sinovlari qayta tiklanyapti.
Chunki 31 provinsiya ma`muriyati kasallik avj olganini ma`lum qilgan. Ular orasida 22 milliondan ortiq kishi yashaydigan poytaxt Pekin va 18,5 million aholi istiqomat qiladigan yirik megapolis Guanchjou shaharlari ham bor.
Aslida, bir necha hafta avval bu erda o`rnatilgan maxsus cheklovlar biroz yumshatilgandi. Jumladan, bemorlar bilan yaqin aloqada bo`lgan shaxslarni etti kun davomida karantin markazida majburiy saqlash talabi besh kunga qisqartirildi.
Biroq endi yana ehtiyotkorlik oshirilyapti. Pekinning yirik tumani — Chaoyangda aksariyat kompaniyalar eshigiga vaqtincha qulf osildi. Boshqa hududlardagi qator xizmat ko`rsatish va ko`ngilochar muassasalar faoliyati to`xtatildi, odamlar masofiy ish tartibiga o`tdi.
Guanchjou shahrida ham bugundan qisman karantin kuchga kiradi. Ushbu cheklovlar 6 million nafarga yaqin kishiga o`z ta`sirini ko`rsatishi aytilyapti.
Umuman, hozir Xitoyda epidemiologik vaziyat murakkablashmoqda. Mamlakat rasmiylari bu yog`iga koronavirusga qarshi emlash qamrovini yanada oshirishni maqsad qilgan.
Ma`lumot uchun, ijtimoiy tarmoqlarda Xitoyda pandemiya kuchaygani, odamlarni karantinga olinayotgani aks etgan videolar tarqlmoqda.