2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida "Inson huquqlari sohasida ta`lim" mavzusidagi Global forum bo`lib o`tadi. Ushbu nufuzli xalqaro anjumannio`tkazish tashabbusi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.
Global forumning Milliy tashkilotchisi – O`zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi hisoblanadi.
Samarqand Global forumi BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasi; Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissarning Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy byurosi; BMTning mamlakatimizdagi jamoasi; BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi; YuNISEF; Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi; EXHTning O`zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi; Evropa Kengashi, Fridrix Ebert jamg`armasi bilan hamjihatlikda tashkil etilmoqda.
Global forumda dunyoning turli davlatlaridan inson huquqlari sohasidagi ta`lim mutaxassislari, xorijiy va xalqaro ekspertlar, davlat organlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, yuqori lavozimli shaxslar – jami 120 dan ortiq xorijlik mehmon ishtirok etadi.
Samarqand Global forumining BMT shafeligida gibrid formatda o`tkazilishi butun dunyodan yanada keng auditoriyaga, soha mutaxassislariga virtual tarzda ishtirok etish va muhokama sessiyalarida qatnashish imkonini beradi.
Samarqand Global forumining ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning murojaati o`qib eshittirilishi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish hamda BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Folker Tyurkning videomurojaatlari namoyish etilishi, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashi Raisi Elchi Federiko Vilegas, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi Direktori Matteo Mekachchi, Evropa Kengashi Inson huquqlari va qonun ustuvorligi bo`yicha direktorati Bosh direktori Yakumopulos Kristoskirish so`zlari bilan ishtirok etishi kutilmoqda.
Global forum ishida O`zbekiston tomonidan – hukumat a`zolari, Oliy Majlis palatalari va qo`mitalari rahbarlari, vazirlik va tashkilotlar, o`quv va ilmiy-ma`rifiy muassasalar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari qatnashadi.
Global forum Inson huquqlari sohasida ta`lim va tarbiya to`g`risidagi deklarasiyaning 10 yilligiga bag`ishlanadi. Mazkur Deklarasiya 2011 yil dekabrida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan.
BMT Bosh Assambleyasi 2004 yil 10 dekabrda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturini ham e`lon qilgan. BMTning Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasi Jahon ta`lim dasturi bajarilishinining muvofiqlashtiruvchisi etib belgilangan.
Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturi – doimiy amalga oshiriladigan uzluksiz bosqichlardan iborat tashabbusdir.O`tgan davrda Jahon ta`lim dasturi inson huquqlari sohasidagi ta`lim bo`yicha milliy sa`y-harakatlar uchta bosqichda bajarildi va 2024 yilga qadar davom etadigan to`rtinchi bosqich izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Samarqand Global forumining asosiy maqsadi – BMTning Inson huquqlari sohasida ta`lim va tarbiya to`g`risidagi deklarasiyasi hamda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta`lim bo`yicha Jahon ta`lim dasturi amalga oshirilishining oraliq natijalarini sarhisob qilish, dan iborat. Shuningdek, ayni sohadagi ilg`or tajriba, amaliyot va innovasion yondashuvlarning taqdimotini tashkil etish, inson huquqlari sohasidagi ta`lim tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada takomillashtirish bo`yicha fikr almashish va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Global forumning birinchi yalpi majlisi “BMTning Inson huquqlari sohasida ta`lim va tarbiya to`g`risidagi deklarasiyasi: natijalar va zamonaviy muammolar” mavzusiga bag`ishlanadi. Unda ushbu Deklarasiyasini amalga oshirish, inson huquqlari bo`yicha samarali ta`limni ta`minlash tamoyillari va yondashuvlar, texnologik o`zgarishlar negizida erishilgan yutuqlar va olingan saboqlar, dunyoning turli burchaklarida inson huquqlari bo`yicha ta`lim sohasida mavjud zamonaviy muammolar muhokama qilinadi.
Global forumning birinchi kuni, shuningdek, 4 ta parallel sessiya tashkil etiladi.
Birinchi sessiya: “Maktab yoshidagi bolalar uchun inson huquqlari sohasidagi ta`lim: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy muammolar”;
Ikkinchi sessiya: “Oliy ta`lim muassasalarida inson huquqlari sohasidagi ta`lim: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy muammolar (COVID-19, texnologiyalarni rivojlantirish, internet resurslari, geosiyosat va boshqalar)”;
Uchinchi sessiya: “Kasbiy institutlar (sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari, advokatura) orqali inson huquqlari sohasida uzluksiz ta`limni ta`minlash: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy muammolar”;
To`rtinchi sessiya: “Fuqarolik jamiyati uchun inson huquqlari bo`yicha norasmiy ta`lim: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy muammolar (gender, inklyuzivlik, migrasiya va ommaviy axborot vositalariga e`tibor qaratgan holda)”.
Global forumning ikkinchi kuni “Xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada inson huquqlari sohasida ta`lim va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish” mavzusidagiikkinchi yalpi majlis bilan boshlanadi. Bunda inson huquqlari sohasida ta`lim va tarbiya tizimini takomillashtirish bo`yicha xalqaro, mintaqaviy va milliy darajalarda fikr almashinib, tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Parallel tadbir (Side-event) doirasida “Inson huquqlari bo`yicha master-klasslar” tashkil etiladi. Onlayn va oflayn rejimda turli guruhlar uchun 6 ta mavzuda ma`ruzalar tinglanadi va muhokama qilinadi.
Shu kuni “Inson huquqlari sohasidagi ta`lim va tadqiqotlar” mavzusidagi respublika tanlovi g`oliblari hamda “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko`krak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimlari ham bo`lib o`tadi.
Global forum yakunida Inson huquqlari sohasidagi ta`lim bo`yicha yakuniy hujjatning taqdimoti va qabul qilinishi ko`zda tutilgan.