Samarqanddagi ayrim ko`chalarda harakat tezligi cheklanishi mumkin

Jamiyat 03.12.2022, 21:58
Samarqanddagi ayrim ko`chalarda harakat tezligi cheklanishi mumkin

Xalq deputatlari viloyat Kengashining etmish ettinchi sessiyasida Samarqandda avtomobillar tezligini 60 kilometr/soatgacha cheklash viloyat IIB yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi aholi, haydovchi va yo`lovchilar o`rtasida so`rovnoma tashkil etishi zarurligi taklif etildi.

Viloyat IIB YHXB boshlig`i Shavkat Boyxo`rozov ushbu tartib nima sababdan joriy etilishi hamda qaysi hududlarga o`rnatilishi mumkinligi haqida gapirdi.

"Samarqand shahrining M-37A Samarqand halqa yo`lining 40-43 kilometrlari oraliq qismida 3 yil davomida sodir etilgan YTHlar soni 29 tani tashkil etgan, shundan 6 tasi o`lim, 23 tasi tan jarohati bilan bog`liq", — dedi Shavkat Boyxo`rozov.

Bundan tashqari, Afrosiyob ko`chasining Ibn Sino ko`chasidan M-37A avtomobil yo`ligacha bo`lgan qismi uzunligi 1,7 kilometr, kengligi 17 metrni tashkil etib, 8 ta asosiy yo`l bilan tutashmalar mavjud. Bu yo`lda oxirgi 3 yil davomida 7 ta YTH sodir etilgan.

Shuningdek, Dahbed ko`chasining Ibn Sino ko`chasidan Registon ko`chasigacha bo`lgan qismining uzunligi 2,8 kilometr, kengligi 15 metrni tashkil etadi. Bu yo`lda oxirgi 3 yil davomida 24 ta YTH sodir etilgan. Shundan 4 tasi o`lim, 20 tasi tan jarohati bilan bog`liq. Shu bilan birga, Gagarin ko`chasining Go`ro`g`li ko`chasidan O`zbekiston ko`chasigacha bo`lgan qismi uzunligi 5,3 kilometr, kengligi 30 metrni tashkil etadi. Oxirgi 3 yil davomida bu yo`lda 13 ta YTH sodir etilgan.

"Shulardan kelib chiqib, yo`l-transport hodisalarini oldini olish va harakat xavfsizligini ta`minlash maqsadida Samarqand shahridagi M-37A Samarqand halqa yo`lining 40-43 kilometrlar oraliq qismida, Afrosiyob, Dahbed va Gagarin ko`chalarida transport vositalari harakatlanishining yuqori tezligini soatiga 60 kilometr etib belgilash taklif etilmoqda", deyiladi xabarda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1