AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Sadir Japarovni tug`ilgan kuni bilan tabrikladi

'Shavkat Mirziyoev Sadir Japarovni tug`ilgan kuni bilan tabrikladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 dekabr kuni Qirg`iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qirg`iziston etakchisini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, mustahkam sog`lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh Qirg`iziston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq O`zbekiston-Qirg`iziston yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani, mamlakatlarimiz o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlik jadal rivojlanayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yaqinda muhim ikki tomonlama hujjatlar – Davlat chegarasining alohida uchastkalari to`g`risida shartnoma va Andijon suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to`g`risida bitim imzolangani va ratifikasiya qilingani amaliy hamkorlikning chuqurlashishi, davlatlarimiz va butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi ta`kidlandi.

Bundan tashqari, o`zaro savdo ko`rsatkichlari oshib bormoqda – yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarga etdi. O`zbekiston-Qirg`iziston taraqqiyot fondi o`z faoliyatini boshladi, sanoat, energetika, elektrotexnika, qishloq xo`jaligi, transport va boshqa tarmoqlarda bir qator kooperasiya loyihalari birgalikda amalga oshirilmoqda.

“O`zbekiston – Qirg`iziston - Xitoy” temir yo`li va Qambarota gidroelektr stansiyasini qurish bo`yicha yirik mintaqaviy loyihalarga faol tayyorgarlik ko`rilmoqda.

Davlat rahbarlari bo`lajak muloqotlarning kun tartibini sifat jihatidan boyitish maqsadida savdo shartnomalari va investisiya dasturlari portfelini kengaytirish muhimligini qayd etdilar.

O`zbekiston va Qirg`iziston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy va do`stona ruhda o`tdi.

Eslatib o`tamiz, 9 dekabr kuni Shavkat Mirziyoevning Qirg`izistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. 

    Boshqa yangiliklar