AsosiyJamiyat

Gender tenglikka oid qonunlar sudlar faoliyatida

'Gender tenglikka oid qonunlar sudlar faoliyatida'ning rasmi

Birlashgan millatlar tashkiloti bosh assambleyasi tomonidan “25 noyabr – ayollarga nisbatan zo`ravonlikka barham berish xalqaro kuni” deb e`lon qilingan. O`zbekiston Respublikasida gender tenglikni ta`minlashga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilingan. Xususan, 2019 yil 2 sentyabr kuni “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to`g`risida”gi O`RQ-562-sonli qonuni qabul qilingan.

Qonunda gender bu – xotin-qizlar va erkaklar o`rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta`lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo`ladigan ijtimoiy jihatidir deb ko`rsatilgan.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan joriy yilning 25 noyabr – 10 dekabr kunlari “Zo`ravonlikka qarshi 16 kun” kompaniyasi o`tkazilmoqda.

Sudyalar tomonidan gender zo`ravonlikka qarshi belgilangan javobgarlik haqida xabardorlikni oshirish va bunday zo`ravonlik holatlarining oldini olish bo`yicha davra suhbatlari tashkil qilinmoqda hamda axborot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, zo`ravonlikdan jabr ko`rgan xotin-qizlarga himoya orderlari berilishi tartibi hamda tazyiq o`tkazgan va (yoki) zo`ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo`lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmagan taqdirda kelib chiqadigan javobgarlik choralari tushuntirilmoqda.

Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda kafolatlar qonuniylik, demokratizm, jins bo`yicha kamsitishga yo`l qo`yilmasligi, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida ta`minlanadi.

Oilaviy munosabatlar sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun huquq hamda imkoniyatlarning tengligi quyidagilarga asoslanadi:

xotin-qizlar va erkaklar nikoh tuzishining ixtiyoriyligiga;

majburiy va erta nikohlarga yo`l qo`yilmasligiga;

er va xotinning shaxsiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlari tengligiga;

oilaning ichki mojarolarini o`zaro kelishuv bo`yicha hal qilishga;

uy mehnatiga nisbatan xotin-qizlar va erkaklar huquq hamda majburiyatlarining tengligiga;

bolalarni boqish, tarbiyalash va o`qitishda, voyaga etmagan hamda mehnatga layoqatsiz oila a`zolarining huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta`minlashda teng ishtirok etishga.

Bola tug`ilishi munosabati bilan ona ham, ota ham haq to`lanadigan ta`til olish huquqiga ega. Bolani parvarishlash bo`yicha ta`tilning davomiyligi ota-onaning ixtiyoriga ko`ra ular o`rtasida bo`linishi mumkin, bunda ota-ona ta`tildan uni qismlarga bo`lgan holda foydalanishi mumkin.

Agar shaxs o`zini jins bo`yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan deb hisoblasa, vakolatli organlarga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega. Bunda jins bo`yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan shaxsdan davlat boji undirilmaydi.

Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi to`g`risidagi ishlarni sudlarda ko`rish chog`ida advokatlar tomonidan ko`rsatiladigan yuridik xizmatlarga haq to`lash qonunchilikda belgilangan tartibda, ularning xohishiga ko`ra davlat hisobidan qoplanadi.

 

O.Shukurov,
Jinoyat ishlari bo`yicha Qarshi tuman sudi raisi                                              

    Boshqa yangiliklar