O`zbekiston gaz evaziga hech qachon siyosiy shartlarga rozi bo`lmaydi, Rossiya bilan gaz etkazib berish bo`yicha kelishuv, agar u tuzilsa, hali ittifoqchilik degani emas. Bu haqda respublika energetika vaziri, bosh vazir o`rinbosari Jo`rabek Mirzamaxmudov ma`lum qildi, deya xabar beradi Reuters.
“Rossiya bilan gaz shartnomasi tuzilgan taqdirda ham bu ittifoq degani emas... Agar boshqa davlatdan gaz import qilsak, faqat tijorat oldi-sotdi shartnomasi asosida hamkorlik qilamiz. Biz gaz evaziga hech qachon siyosiy shartlarga rozi bo`lmaymiz”, - deydi u.
Hozir Rossiya gazini Qozog`iston orqali o`tadigan quvur orqali etkazib berish bo`yicha muzokaralar olib borilmoqda, biroq bu ittifoq emas, balki “texnik shartnoma”dir, deya qo`shimcha qildi bosh vazir o`rinbosari.
Ayni paytda O`zbekistonda gaz taqchilligi kuzatilmoqda, buning natijasida respublika 6 million kubometr gaz eksportini to`xtatishga majbur bo`ldi, dedi Mirzamaxmudov.
28 noyabr kuni Qozog`iston prezidenti Qosim-Jomart Tokaev Vladimir Putinning Moskvadagi muzokaralar chog`ida “gaz sohasidagi muammolarni hal qilish uchun” Rossiya, Qozog`iston va O`zbekiston o`rtasida ittifoq tuzish taklifini e`lon qildi. 29 noyabr kuni Tokaevning matbuot kotibi gap “Rossiya gazini Qozog`iston va O`zbekiston hududlari orqali tashish bo`yicha harakatlarni muvofiqlashtirish” maqsadida “uch tomonlama gaz ittifoqi”ni yaratish haqida ketganini aytdi.






