1

Akademik Abdumavlon Abdullaev vafot etdi

Jamiyat 09.12.2022, 08:43
Akademik Abdumavlon Abdullaev vafot etdi

O`zbekistonda genetika sohasining etakchi namoyandasi, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Abdullaev Abdumavlon Abdullaevich 2022 yilning 8 dekabr kuni 92 yoshida vafot etdi.

A.Abdullaev 1930 yilning 13 iyulida Namangan viloyatida tug`ildi. 1952 yili O`rta Osiyo davlat universitetini tugatib, mehnat faoliyatini O`simlikshunoslik ilmiy tekshirish instituti O`rta Osiyo tajriba stansiya kichik ilmiy xodimi lavozimida boshladi. 1961 yilda nomzodlik, 1973 yilda doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. 1995 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a`zosi etib saylandi.

Iste`dodli olim o`zining qariyb 70 yillik ilmiy faoliyati davomida Fanlar akademiyasida fidoyilik bilan mehnat qildi. Genetika va o`simliklar eksperimental biologiyasi instituti kichik, katta ilmiy xodimi, laboratoriya mudiri, direktori, O`zRFA Prezidiumining qishloq xo`jaligi fanlari bo`limi raisi hamda umrining so`nggi kunlarigacha instituti bosh ilmiy xodimi lavozimida samarali faoliyat ko`rsatib, ilm-fan rivojiga munosib hissa qo`shdi.

A.Abdullaev ilmiy faoliyati davomida g`o`za genetikasining fundamental asoslarini rivojlantirishga ulkan hissa qo`shdi. Olim yaratgan ilmiy maktab asosida g`o`zaning bir qator yangi navlari kashf etildi hamda genetika seleksiyasida g`o`zaning yovvoyi turlaridan foydali donorlar sifatida foydalanish imkoniyati yaratildi. Mamlakatimiz paxtachilik ilm-fani rivojining fundamental asosi va milliy boyligi bo`lgan g`o`za genlari kolleksiyasining asoschilaridan biridir. 

U 600 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan 10 dan ortiq monografiyalar muallifi. Ilmiy maqolalarining 300 dan ortig`i xalqaro nufuzli jurnallarda chop etilgan.

Jonkuyar ustoz sifatida ko`plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning bevosita rahbarligida 20 dan ortiq fan doktori va 40 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlangan.

Akademik A.Abdullaevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan fan arbobi” (1980), “Mehnat shuhrati” ordeni (2003) “O`zbekiston Respublikasi davlat mukofoti” (2011) bilan mukofotlangan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Abdumavlon Abdullaevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoev, T.Narbaeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yuldashev

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1