Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi xonadonlardan birida 10 dekabr kuni portlash sodir bo`ldi. Holat yuzasidan viloyat hokimligi matbuot xizmati ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, soat 06:40 chamasida Termiz shahri “O`zbekiston” mahallasi Alisher Navoiy ko`chasi 24-uyda yashovchi, 1965 yilda tug`ilgan N.V.ning oshxonasida tabiiy gaz va havo aralashmasining chaqnashi sodir bo`lib, oqibatda N.V.ning butun tana yuzasi 3-4-darajali, 40-45 foiz kuyish tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Termiz filialiga yotqizilgan.
Xonadonga o`rnatilgan gaz hisoblagich hisobdoni qarz tufayli o`chgach, fuqaro N.V. tomonidan o`zboshimchalik bilan gaz hisoblagich hisobdonidagi filtr qismini echib olishi va qo`lbola usulda tayyorlangan rezina shlangni noqonuniy ulab foydalanishi oqibatida xonaga gaz sizib chiqishi gaz-havo aralashmasi chaqnashi sodir bo`lishiga olib kelgan.
Voqea joyiga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Tezkor boshqaruv markazi va shahar favqulodda vaziyatlar bo`limi rahbarlari hamda mas`ul xodimlari etib borgan.
Yong`inni bartaraf etish uchun shahar FVBning 2 ta yong`in qutqaruv ekipaji jalb etilgan.






