Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida yashovchi qizning shaxsiy foto va videolarini Instagram’da tarqatgan fuqaro qo`lga olindi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida yashovchi N.F. ariza bilan murojaat qilib, boshqalarga ko`rsatib bo`lmaydigan foto va videotasvirlarini Instagram ijtimoiy tarmog`ida noma`lum shaxs tarqatayotganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida foto va videotasvirlarni tarqatayotgan Instagram akkaunti foydalanuvchisi Jizzax viloyati Jizzax shahrida yashovchi 2002 yilda tug`ilgan M.Z. ekani aniqlangan.
Shuningdek, M.Z. ushbu foto va videotasvirlarni jabrlanuvchining tanishi Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida yashagan, hozirda Rossiyaga mavsumiy ishchi sifatida ishlashga ketgan, 1995 yilda tug`ilgan X.Sh.dan olganini va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bo`yicha X.Sh. ko`rsatma berganini ma`lum qilgan.
M.Z. va X.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






