AsosiyDunyo

Turkiyada yangi neft koni topildi — Erdo`g`on

'Turkiyada yangi neft koni topildi — Erdo`g`on'ning rasmi

Turkiya mamlakat shimoli-sharqidagi Gabar tog`i hududida yangi neft konini topdi. Bu haqda Prezident Rajab Toyyib Erdo`g`on respublika Vazirlar Mahkamasi yig`ilishi yakunlari bo`yicha telemurojaatida aytib o`tdi.

Uning so`zlariga ko`ra, ochilgan neft zaxiralarining sof hajmi 150 million barrelni tashkil etadi. 

Davlat rahbarining aytishicha, zaxiralarning qiymati qariyb 12 milliard dollarga baholanmoqda.

“Bu 2022 yilda quruqlikda topilgan eng yirik 10 ta kondan biridir”, — dedi Turkiya rahbari.

Uning qo`shimcha qilishicha, neft sifati juda yuqori bo`lgan mintaqadagi to`rtta quduqdan kuniga 5 ming barrel neft ishlab chiqarilmoqda.

Erdo`g`on Turkiyaning milliy neft kompaniyasi Turkiya Petrollerining 5 yil avval taxminan 40 ming barrel bo`lgan kunlik ishlab chiqarishi bugungi kunda 65 ming barrelga ko`tarilganini aytdi.
Uning so`zlariga ko`ra, Turkiya hukumati qo`shimcha seysmik tadqiqotlar, burg`ulash ishlarini ko`paytirish va hosildorlikni oshirish usullarini joriy etish orqali Turkiya Respublikasining yuz yilligiga qadar kunlik neft qazib olish hajmini 100 ming barrelga etkazishni rejalashtirmoqda.

“Pandemiya davrida ko`plab neft va gaz kompaniyalari taslim bo`lgan bo`lsa-da, Turkiya Petrolleri qidiruv va qazib olish faoliyatini tezlashtirdi. Birgina 2021 yilning o`zida yana 34 ta kon ochildi va biz hozirgi zaxiralarimizga yana 71 million barrel qo`shdik”, — dedi Prezident Erdo`g`an.

Prezident Erdo`g`an Turkiyaning terrorga qarshi kurashiga ham to`xtaldi.
U Anqaraning mamlakat chegaralarini terrorchilik tahdididan himoya qilish qat`iyatini yana bir bor ta`kidladi.

“Turkiya o`z chegaralarida xavfsizlik chizig`ini yaratishni yakunlab, o`ziga qarshi qaratilgan makkor va g`ayrioddiy rejalarni yana bir bor barbod qiladi”, —dedi prezident shu munosabat bilan.

    Boshqa yangiliklar