Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yangihayot tumani 50-sonli DMTTda isitish tizimi yaxshi ishlamayotgani sababli xonalar sovib ketgani haqida videoxabar tarqaldi. Holat yuzasidan tuman hokimligi axborot xizmati ma`lumot berdi.
Videoxabarda 30-40 bola bo`ladigan guruhda 7 nafar bola kelgani, sababi xonalar sovib ketgani, ota-onalar farzandlari bog`chaga borib, shamollab qolayotganidan shikoyat qilayotgani aytilgan edi.
Ma`lum qilinishicha, mazkur xabar bo`yicha tuman hokimi Hayot Inogamov maktabgacha ta`lim tashkilotiga borib, holatni o`rgandi. O`rganish natijasida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas`ullar jalb etilib, tezkor choralar ko`rildi.
Hozirda isitish tizimi bo`yicha muammo bartaraf etildi va xonalarning issiqligi me`yor darajasiga keltirildi, deyiladi xabarda.






