Vashingtonda O`zbekiston va Amerika Qo`shma Shtatlari o`rtasidagi strategik sheriklik muloqotining ikkinchi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yig`ilishda tomonlar delegasiyalariga O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va AQSh Davlat kotibining Janubiy va markaziy Osiyo bo`yicha yordamchisi Donald Lu rahbarlik qildi.
«Kun tartibiga muvofiq siyosat va mintaqaviy muloqot sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bugungi kunda ochiq muloqot va o`zaro ishonchga asoslangan O`zbekiston-Amerika ko`p qirrali hamkorligining jadal rivojlanishi mamnuniyat bilan qayd etildi», — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, AQSh O`zbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimiy qo`llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi. Shuningdek, O`zbekiston jiddiy muammolarga qaramay, Shavkat Mirziyoev rahnamoligida amalga oshirilayotgan ulkan va juda muvaffaqiyatli islohotlar yo`lida davom etayotgani ta`kidlandi.
Shu bilan birga, delegasiyalar asosiy xavfsizlik masalalari bo`yicha hamkorlikni muhokama qildilar va Afg`onistondagi vaziyatga alohida e`tibor qaratdilar.
«Amerika Qo`shma Shtatlari O`zbekistonga ‘C5+1’ diplomatik platformasida faol ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirdi va ushbu formatning muammolarni birgalikda hal qilish va yanada obod va xavfsiz Markaziy Osiyoni barpo etishdagi ahamiyatini ta`kidladi», — deyiladi TIV xabarida.
Shuningdek, uchrashuvda raqamli iqtisodiyot, qishloq xo`jaligi, transport, suv resurslari va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida O`zbekiston-Amerika hamkorligini kengaytirish bo`yicha tashabbuslar ko`rib chiqildi hamda ishtirokchilar ikki mamlakat kompaniyalari duch kelayotgan muammolarni samarali hal etish yuzasidan fikr almashdilar.
«2023 yil Samarqandda AQSh va Markaziy Osiyo o`rtasidagi savdo va investisiyalar bo`yicha doiraviy shartnomasi (TIFA) kengashi majlisiga puxta tayyorgarlik ko`rish muhimligi ta`kidlandi. Tomonlar TIFA iqtisodiy kun tartibini shakllantirish uchun har ikki tomonning idoralari ishtirokida doimiy ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar.
Amerika tomoni JSTga a`zo bo`lish jarayonida O`zbekistonga yordam ko`rsatishni davom ettirishga tayyorligi haqida xabar berdi.
‘Inson o`lchovi’ sessiyasi davomida AQSh vakillari O`zbekistonda demokratik institutlarni mustahkamlash, so`z va din erkinligini himoya qilish, majburiy mehnatga barham berish va gender tengligini ta`minlash borasida erishilgan yutuqlarni ijobiy ta`rifladilar», — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalarini ham muhokama qildi. AQSh hukumati tomonidan O`zbekistonda ta`lim sohasidagi qo`shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi Shuningdek, ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish majburiyati tasdiqlandi. Sog`liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, IT, qishloq xo`jaligi, seysmologiya va boshqalar istiqbolli yo`nalishlar sifatida belgilangan.
Uchrashuv yakunlari bo`yicha qo`shma bayonot qabul qilindi.






