Kolumbiyaning Bogota shahrida jahon chempionatining so`nggi kunida og`ir atletikachilar eng og`ir vazn toifasi +109 kilogrammda sovrinli o`rinlar uchun musobaqalarda qatnashdi. Bu haqda O`zbekiston og`ir atletika Federasiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Dastlab chempionatning "S" va "B" guruhlarida ishtirok etayotgan sportchilar, undan keyin “A" guruhidan joy olgan jahon og`ir atletikasining etakchi vakillarining taqdimoti bo`lib o`tdi.
Musobaqaning "A" guruhidan joy olgan Tokio olimpiadasi g`olibi, jahon chempioni va rekordchisi Akbar Jo`raev bahslar oldidan o`tgan taqdimot marosimida ishtirok etdi. So`ng chempionatning rasmiy bahslariga qatnashish uchun belgilangan mashg`ulot maydonida mashqlarni bajarishga kirishdi.
Taassufki, jahon chempionati supasiga chiqishga tayyorgarlik ko`rish maydonchasida Akbar Jo`raev kichik texnik jarohatga chalindi. Oqibatda jahon chempionati tashkiliy qo`mitasining shifokorlar komissiyasi va terma jamoa shifokori xulosasiga binoan hamyurtimizga rasmiy bahslarda qatnashishga ruxsat berilmadi.
Akbar Jo`raevning o`tgan yilgi Tokio olimpiadasi va Toshkentda o`tgan jahon chempionatlarida olgan jarohatlari texnik jarohatni keltirib chiqargan, baxtsiz tasodif tufayli jahon chempionati medallari uchun kurashga kirisha olmagan bo`lsada taqdimot marosimida qatnashishi o`z navbatida Parij-2024 uchun ma`lum talabni bajarishini ta`minladi.
Boisi, Xalqaro og`ir atletika federasiyasi tomonidan tasdiqlagan talabga ko`ra, Parij-2024ga nomzod sportchi olimpiya siklidagi beshta musobaqada qatnashishi talab etiladi.
Shu tariqa, terma jamoa a`zolari mazkur jahon chempionatini 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medallari va Parij-2024 Olimpiadasining zarur reyting ochkolarini qo`lga kiritgan holda yakunladi.






