O`zbekiston va Qozog`iston Prezidentlarining kengaytirilgan tarkibda davom ettirilgan muzokaralarida ikki tomonlama hamkorlikning o`zagi iqtisodiyot ekani, ikki mamlakatning ulkan salohiyatidan foydalanishga e`tiborni kuchaytirish lozimligi ta`kidlandi.
Xususan, oxirgi besh yilda ikki mamlakat o`zaro savdo hajmi ikki barobardan ziyodga ortgan. Joriy yil yakunida esa besh milliard dollarga yaqinlashadi. Talab yuqori bo`lgan mahsulotlarni o`zaro etkazib berishni ko`paytirish orqali yaqin yillarda tovar ayirboshlashni karrasiga oshirish maqsadida Bosh vazirlar o`rinbosarlari boshchiligida ishchi guruh tuzish va qo`shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.
Kooperasiya loyihalarini ilgari surishga alohida e`tibor qaratilgan. Davlat rahbarilari bugun energetika, avtomobilsozlik, kimyo, elektrotexnika, qurilish, logistika va boshqa sohalarda yirik loyihalarga start berilishini qayd etishdi.
- Hozirda loyihasi ishlab chiqilayotgan Xalqaro sanoat kooperasiyasi markazi yangi loyihalarni shakllantirish uchun muhim maydon bo`lishiga ishonaman, - dedi O`zbekiston davlat rahbari.
Hududlar o`rtasidagi hamkorlikning ulkan salohiyatidan maksimal darajada foydalanish zarurligi ta`kidlandi.
Yana bir muhim yo`nalish – energetika. Davlat rahbarlari energetika quvvatlarini modernizasiya qilish va qurish, geologiya qidiruvi va tabiiy gazni chuqur qayta ishlash bo`yicha loyihalarni ilgari surishga kelishib oldilar.
Tranzit salohiyatidan foydalanish va uni oshirish hamkorlikning muhim sohalaridan biri sifatida qayd etildi.
- Bugun biz yuk tashishlarning barqaror o`sishiga erishdik, ikki tomonlama va tranzit tashishlar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishdik.
Yuk tashish hajmini bir necha barobar oshirish maqsadida transport infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan loyihalarni tezlashtirishga ahdlashib oldik, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Prezidentlar parlamentlararo muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada mustahkamlash va kengaytirish muhimligini ta`kidlashdi.
Ta`kidlanishicha, O`zbekiston etakchisi oliy darajadagi barcha kelishuvlar ijrosini monitoring qilish uchun Parlamentlararo kengash imkoniyatlaridan foydalanish zarurligini ta`kidladi.