Tojikiston Sog`liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi o`zining shahar va tumanlardagi bo`linmalariga ta`lim boshqarmalari bilan aloqada bo`lib turishni va mavsumiy kasalliklar bo`yicha vaziyatni nazorat ostiga olishni topshirdi. Maktab o`quvchilari orasida mavsumiy gripp bilan kasallanish o`sgan taqdrida, vazirlik karantin e`lon qiladi. Bu haqda Asia Plus xabar bermoqda.
SSV vakili Navro`z Jafarov ma`lum qilishicha, shu hafta oxirida vazirlik inspektori o`quv muassasalarida gripp bilan kasallanish bo`yicha statistikani taqdim etadi, shundan keyin profilaktika choralari ko`riladi.
Ba`zi fuqarolar ayni paytda tarqalgan gripp simptomlari koronavirusnikiga o`xshash ekanini, bemorlar uni juda og`ir o`tkazayotganini aytmoqda. Biroq SSV koronavirus hozircha qayd etilmaganini, bu faqat mavsumiy gripp ekanini ta`kidladi.
Ma`lumot uchun, Tojikistonda koronavirus 9 oydan ortiq vaqt davomida qayd etilmagan. Biroq dekabr oyi boshida Tojikiston Sog`liqni saqlash vazirligi qo`shni mamlakatlarda COVID-19 kasalligini yuqtirganlar soni ortgani sababli chegaralar va aeroportlarda nazoratni kuchaytirishni buyurgan edi






