Prezident Shavkat Mirziyoev Harbiy prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hisoboti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi Qurolli Kuchlarda va harbiy tuzilmalarda qonunlarga rioya etilishini nazorat qiladi. Mazkur organ tomonidan mamlakatimiz suverenitetini mustahkamlash, mudofaa salohiyatini oshirish, harbiy xizmatchilarning va oila a`zolarining huquqlarini ta`minlash choralari ko`rilmoqda.
Jumladan, joriy yilda 1 ming 100 ga yaqin prokuror nazorati hujjati qo`llanilib, 261 ta hujjat qonunga muvofiqlashtirilgan. 7 ming 858 nafar shaxsning huquqi tiklangan. 654 nafar harbiy xizmatchining oila a`zolari ish bilan ta`minlangan.
Qurolli Kuchlarda qurilish dasturiga kiritilgan ob`ektlarning loyiha-smeta hujjatlari nazorat tartibida ko`rib chiqilib, 23 milliard so`mdan ziyod byudjet mablag`lari iqtisod qilinishiga erishilgan. Harbiy prokuror protestlariga asosan sudlarning 10 ta qarori qonunga muvofiqlashtirilib, 6 nafar shaxs oqlangan.
Fuqarolarning 2 mingga yaqin murojaatlari ko`rib chiqilib, 254 tasi qanoatlantirilgan. Shuningdek, sayyor qabullarda 3 ming 200 nafar shaxs qabul qilinib, aniqlangan muammolarini hal etish choralari ko`rilgan.
Mamlakatimizning Taraqqiyot strategiyasidan kelib chiqib, harbiy tuzilmalarda ham “inson qadri” tamoyili ustuvor etib belgilangan. Harbiy xizmatchilarning huquq va manfaatlari, ijtimoiy himoyasi ta`minlanishi alohida nazoratga olingan. Harbiy prokuratura bu borada qonun himoyachisi, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda faol targ`ibotchi bo`lmoqda.
Qayd etilganidek, harbiy xizmatchilarga Qurolli Kuchlar hamda boshqa sohalardagi islohotlar, qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari va davlat dasturlarining mazmun-mohiyatini izchil etkazishga alohida e`tibor qaratiladi.
Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida olis hududlardagi maktablar harbiy prokuratura idoralariga biriktirilib, prokurorlik soatlari tashkil etiladi.
Byudjet mablag`larining maqsadli sarflanishini ta`minlashda elektron platformalar imkoniyatlaridan yanada keng foydalaniladi.
Davlat rahbari Harbiy prokuratura faoliyatini raqamlashtirish, inson manfaatlarini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha ko`rsatmalar berdi.