AsosiySiyosat

27 dekabr kuni Senatning o`ttiz oltinchi yalpi majlisi chaqiriladi. Unda qanday masalalar ko`riladi?

'27 dekabr kuni Senatning o`ttiz oltinchi yalpi majlisi chaqiriladi. Unda qanday masalalar ko`riladi?'ning rasmi

Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi, deya xabar bermoqda Senat matbuot xizmati. 

Majlisda Senatning o`ttiz oltinchi yalpi majlisini 2022 yil 27 dekabr kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.

Qayd etilganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda bo`lib o`tadigan navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoevning Oliy Majlis va O`zbekiston xalqiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor yo`nalishlar, shuningdek, “2023 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi, “2022 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartishlar kiritish haqida”gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to`g`risida”gi, “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditasiya qilish to`g`risida”gi, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shu bilan birga navbatdagi yalpi majlisda “Texnik jihatdan tartibga solish to`g`risida”gi va “O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o`rtasida mahkumlarni topshirish to`g`risidagi bitimni (Toshkent, 2022 yil 29 mart) ratifikasiya qilish haqida”gi hamda “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi qonunlarni ham ko`rib chiqish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo`yicha belgilangan loyihalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar hamda 2030 yilga qadar O`zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining 2022 yildagi ijrosi hamda uni amalga oshirish bo`yicha 2023 yilga mo`ljallangan chora-tadbirlarni tasdiqlash masalasi ham muhokama qilinadi.

Yalpi majlis doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash ham nazarda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar