Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti kelgusi yil davomida koronavirus va mpox (maymun chechagi) pandemiyalarini bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu har ikki kasallikdan o`lim ko`rsatkichlari sezilarli darajada kamayayotgani bilan bog`liq. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tashkilot rahbari Tedros Gebreyesusning ta`kidlashicha, shunga qaramay, insoniyat 2023 yilda qator muammolarga duch kelishi mumkin. Bunga ba`zi mamlakatlarda koronavirusga qarshi emlash darajasi pastligi, diagnostika va davolash vositalari etishmasligi sabab bo`ladi.
Bayonotda keltirilishicha, mpox epidemiyasi 2022 yildagi yana bir og`ir sinov bo`ldi. Yakunlanayotgan yilda u dunyoning 110 davlatida 82 ming nafardan ortiq bemorda qayd etildi. Shu bois iyul oyida bu xastalik pandemiya deb e`lon qilindi.
O`shandan buyon Er yuzida mazkur infeksiyaning tarqalishi 90 foizdan ziyod kamaydi. Agar bu tendensiya davom etsa, 2023 yilda pandemiya yakunlangani e`lon qilinadi. Xuddi shunday holat Ugandadagi Ebola epidemiyasi bilan ham kuzatilyapti.
Biroq Afrikadagi qurg`oqchilik, ocharchilik, 29 mamlakatda davom etayotgan vabo epidemiyasi, yiliga 8 milliondan ortiq odamning hayotiga zomin bo`layotgan kashandalik, noto`g`ri ovqatlanish, semizlik, qandli diabet, saraton va yurak-qon tomir kasalliklari ko`payishi, OIV, bezgak va silga qarshi kurash jarayonining sustlashuvi kabi global muammolar insoniyat salomatligiga jiddiy tahdid bo`lib turibdi.






