AsosiySiyosat

Mirziyoev va Putin strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalarini ko`rib chiqdi

'Mirziyoev va Putin strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalarini ko`rib chiqdi'ning rasmi

4 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.

O`zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari ko`rib chiqildi.

Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanish sur`ati, shu jumladan o`zaro tovar ayirboshlash ortayotgani, O`zbekiston va Rossiyaning etakchi kompaniyalari ishtirokida qo`shma korxona va kooperasiya loyihalari soni oshayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mamlakatlarimiz hududlari o`rtasidagi faol muloqotlarni davom ettirish, shu maqsadda har yili Toshkent shahrida o`tkazilayotgan «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro ko`rgazmasi hamda O`zbekiston-Rossiya Hududlar forumi imkoniyatlarini samarali ishga solish muhimligi ta`kidlandi.

Neft-gaz sohasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2022 yilning 26-27 dekabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida o`tgan MDH norasmiy sammitining samarali natijalarini yuksak baholandi.

O`zbekiston va Rossiya etakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy, do`stona va amaliy ruhda o`tdi.

    Boshqa yangiliklar