O`zbekiston Prezidenti 12 yanvar kuni Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi raisligida onlayn shaklda o`tkazilgan “Global Janub ovozi” sammiti yalpi majlisida nutq so`zladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lumot uchun: Hindistonning “Katta yigirmatalik”ka (G20) raisligi doirasida tashkil etilgan tadbirda Vetnam Respublikasi Prezidenti Nguen Suan Fuk, Gayana Respublikasi Prezidenti Muhammad Irfon Ali, Mozambik Respublikasi Prezidenti Filipe Nyusi, Senegal Respublikasi Prezidenti Maki Sall, Bangladesh Xalq Respublikasi Bosh vaziri Shayx Xasina, Mo`g`uliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Tailand Qirolligi Bosh vaziri Prayut Chan Ocha, Kambodja Qirolligi Bosh vaziri Xun Sen va Papua - Yangi Gvineya Mustaqil Davlati Bosh vaziri Jeyms Marape qatnashgan.
Qayd etilishicha, kun tartibiga muvofiq, inson manfaatlariga yo`naltirilgan barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilindi, rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini ilgari surish va dolzarb muammolarini hal qilish maqsadida, shu jumladan iqtisodiyot, ekologiya, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, sog`liqni saqlash, inson resurslarini rivojlantirish, innovasiyalar, turizm va boshqa yo`nalishlardagi o`zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr va aniq takliflar almashilgan.
O`zbekiston Prezidenti Hindistonning G20ga raisligini qo`llab-quvvatlab, kun tartibidagi masalalar yuzasidan quyidagi amaliy takliflarni ilgari surgan:
- mavjud xalqaro savdo tizimini “Global Janub ovozi”ni e`tiborga olgan holda takomillashtirish;
- Asosiy bozorlarga chiqishda hamon turli to`siq va cheklovlarga duch kelayotgan rivojlanayotgan mamlakatlarning salohiyatini ro`yobga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratilish;
- Rivojlanayotgan davlatlarning energetika va oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, global logistika va qo`shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, investisiya va eng zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda ko`maklashish;
- Afg`oniston orqali Hind okeaniga chiqadigan temir yo`lni qurish loyihasini faol ilgari surish;
- Jahonning etakchi davlatlari ko`magida “Global Janub” uchun “yashil” texnologiya va innovasiyalar axborot bankini yaratish;
- Inson kapitalini rivojlantirish va professional ta`lim sifatini oshirish;
- “Janub yoshlari ovozi” doimiy muloqot platformasini tashkil etish;.
- Afg`oniston muammosini hal etish bo`yicha xalqaro muloqot guruhini shakllantirish taklifini qo`llab-quvvatlash.
Onlayn-sammitda bildirilgan taklif va tashabbuslar rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini ilgari surishga, inson manfaatiga yo`naltirilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
So`zining yakunida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti do`st Hindiston xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Respublika kuni bilan samimiy tabrikladi.