Prezident yig`ilishda respublikaning qolgan hududlarida ham ahvol yomonligini tanqid qildi.
Ayniqsa, Zangiota, Toshkent, Buloqboshi, Xo`jaobod, Uchqo`rg`on, Koson, Karmana, Qamashi, Shofirkon, Xo`jayli, Denov, Sharof Rashidov, Pastdarg`om, Farg`ona, Paxtabod, Hazorasp tumanlari hamda Samarqand, Namangan, Farg`ona, Guliston, Chirchiq shaharlari hokimlari mas`uliyatni his qilmasdan, bir oy oldingi sovuq kunlardan hech qanday xulosa chiqarmagani ko`rsatib o`tildi.
Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzaev qat`iy ogohlantirildi, Chirchiq shahar hokimiga “hayfsan” berildi.
Bugungi kunda barcha darajadagi rahbarlarning eng katta vazifasi – elektr va gaz tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta`minlab berish. Lekin tegishli sohalar mutasaddilari buni uddalay olmayapti.
Shu munosabat bilan energetika vaziri o`rinbosari Sherzod Xodjaev lavozimidan ozod etildi.
"Hududiy elektr tarmoqlari" rahbari Mustafoev, "Uztransgaz" rahbari Normatov va "O`zbekneftgaz" rahbari Abdullaev ham lavozimidan ozod etilib, ularga vazifasini bajaruvchi lavozimida 3 oy sinov muddati belgilandi.
Agar tarmoq korxonalarining ayrim moliyaviy masalalari vaqtida echib berilganda, daromadlarining bir qismi investisiya qilinib, tarmoqlarni yangilashga yo`naltirganda vaziyat bunchalik og`ir bo`lmas edi, deb ta`kidlandi yig`ilishda.
Bu masalada ham mas`ullar e`tiborsizlik qilgani tanqid qilindi.
Endi butunlay boshqacha tizim bo`lishi – strategik korxonalar Strategik islohotlar agentligiga o`tkazilishi belgilandi.






