Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi o`zining Telegram kanalida aholini elektr energiyasi va gaz bilan ta`minlashda yuzaga kelgan inqiroz ortidan prezident tomonidan ishdan bo`shatilgan mazkur kengashning sobiq raisi, poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo`jaevga murojaat e`lon qildi va oradan bir muddat o`tib xabar o`chirildi.
"Hurmatli Jahongir Obidovich Ortiqxo`jaev, 2019−2023 yillarda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi sifatidagi faoliyatingiz davomida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlarini qo`llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur aytamiz. Bu davrda siz tomoningizdan bildirilgan takliflar asosida deputatlar tomonidan olib borilgan ishlar natijasida aholining ayniqsa ehtiyojmand oilalarning holidan xabar olinganligi xalqimizning deputatlarga bo`lgan ishonchini oshirganligi alohida e`tiborga loyiqdir. Sizga, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari tomonidan Toshkent shahrimiz ravnaqi yo`lida qo`shgan hissangiz va mashaqqatli mehnatingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz", - deyiladi murojaatda.
Postga Jahongir Ortiqxo`jaevning fuqarolar qabulidan lavhalar aks ettirilgan videorolik ilova qilingan. Kadrlarda odamlarning ko`z yoshlari bilan hokimga minnatdorchilik bildirishlarini ko`rish mumkin.