18 yanvar kuni Qozog`istonning Esik shahridagi novvoyxonada sodir bo`lgan yong`inda ikki nafar o`zbekistonlik jarohatlandi.
Favqulodda vaziyatlar departamenti xabariga ko`ra, tungi soat 02:00 larda portlash haqida xabar kelib tushgan. Voqea joyiga etib borgan yong`inga qarshi xizmatchilar xavfsizlik texnikasiga rioya qilinmasligi oqibatida portlash va yong`in yuzaga kelganini qayd etishgan.
"Tandirli novvoyxona ombori hududida foydalanish talablari buzilishi oqibatida 50 litr sig`imli maishiy gaz balloni portlab ketgan va 10 kvdrat metr maydon yongan, 96 kvadrat metr maydonga teng devor va tom qulagan", deyiladi Olmaota viloyati FVD matbuot xizmati bayonotida.
Voqea joyida O`zbekistonning ikki fuqarosi jabrlangan. Har ikkisi ham ikkinchi darajali kuyish jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.






