Afg`onistonning Kobul shahri va viloyatlarida elektr energiyasi taqchilligi davom etayotgani sababli "Tolibon" O`zbekistonga murojaat qildi. Bu haqda Hasht-e Subh Daily xabar berdi.
"Tolibon" tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Mutaqqiy O`zbekistondan shartnoma asosida elektr energiyasi eksport qilishni so`radi. U Kobuldagi Afg`oniston qishloq xo`jaligini rivojlantirish jamg`armasi ochilishida O`zbekiston hukumati Afg`oniston elektr energiyasi kompaniyasi bilan imzolangan shartnomaga muvofiq o`z va`dalarini bajarishiga umid bildirgan.
"Tolibon" tashqi ishlar vazirligi rahbari O`zbekistondan elektr energiyasi importini to`xtatish sabablari haqida hech narsa demagan. Ayni paytda Kobul va boshqa ayrim viloyatlar aholisi doimiy ravishda elektr energiyasi uzilishidan aziyat chekayotganini aytmoqda.
Ma`lumot o`rnida, O`zbekistondan import qilinadigan elektr energiyasi Kobul hamda Parvon, Kapisa, Panjsher, Nangarhor, Lag`mon, Logar, Paktiy, Xost, Maydon Vardak, G`azni va Bag`lon viloyatini elektr bilan ta`minlaydi.