1

Turmush chorrahalarida: “Shifo topgan dil”

Mutolaa 21.09.2016, 14:55
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim, Oila
Turmush chorrahalarida: “Shifo topgan dil”

Umid qilib uch yil kutgan farzandlari uch yoshga to`lganida, shifokorlar dahshatli xabarni aytishdi. 

– Bolada yurak nuqsoni bor. Hayoti qil ustida turibdi. Juda ehtiyot qilishingiz kerak. O`n yoshidan boshlab operasiya qilish mumkin. Bu operasiyalar hozircha bizda o`tkazilmaydi. Germaniyadagi shifokorlargina bu ishning uddasidan chiqishadi…

Er-xotin tikanlarni bosib kelgandek uyga etib kelishdi. O`g`illari mo`ltirab qarab turardi. Shundan so`ng otasi, avval e`tibor bermagan bir jihatni o`zi uchun kashf etdi. Og`ir dardga chalingan bolalarning ko`zlarida, ular xuddi o`z taqdirlaridan boxabardek ajib bir mung bo`larkan. 

Bu yurakni ezguvchi nigohlarni nafaqat o`z o`g`lida, balki shifoxonada shu singari dardlar bilan og`rigan boshqa bolakaylaru qizaloqlarda ham ko`rdi. Oila ustuni o`g`li bilan xotinining oldida o`zini tutsa-da, chetga chiqib o`kirib-o`kirib yig`ladi. Keyin oldiga qat`iy maqsad qo`ydi. Qanday bo`lmasin, o`g`lining hayotini saqlab qoladi! O`zi bir burda nonga zor bo`lsa ham mayli, shugina bolasi sog`-salomat bo`lsa bas. Bolasi bu dardi uchun xijolat bo`lgandek, qop-qora ko`zlarini javdiratib turardi. 

Xotini o`g`liga qarash uchun ishidan bo`shadi. Endi bu tashvish ustiga ro`zg`orning butun kamchiligi ham erkakning bo`yniga tushdi. 

Bolaning dardi bilan olishib yillar o`taverdi. O`n yoshigacha to`planishi kerak bo`lgan zarur mablag` ularning oilasidan uzoqlashsa uzoqlashdiki, yaqinlashmadi. Muddat etib kelganida bola ham hamma narsani tushunib qolgandi. Yoshiga nisbatan ancha kattalarning gapini gapirdi va otasining yurak bag`rini o`rtab yubordi: 

– Mening dardimni o`ylamang dada, peshonamda borini ko`raman...

Yana bir chetga o`tib butun vujudi to`kilib yig`ladi. Yuragidagi dardi uchun xotini, faqatgina bitta farzand bilan kifoyalangandi. Endi shu yolg`iz farzandning beholgina urib turgan yuragi ham, har daqiqani sanab turibdi…

Oxiri bir qarorga keldi. O`g`lining hayotini saqlab qola olmaydigan bo`lsa, bu uyning nima keragi bor?! Farzandi sog`ayib ketsa, bunday xonadonlarning bir nechtasini sovg`a qiladi. 

Mo`ljallaridan arzonroqqa oluvchi, lekin operasiya uchun etadigan pulni beruvchi xaridor topildi. Pul olindi-yu, uchovlashib xorijga jo`nashdi.

* * *

Nemis shifokorlari haqiqatdan ham mo``jiza yaratishdi. Qadamini arang bosayotgan bolakay yillar o`tib ovozi do`rillagan, chiroyli qizlarni ko`rsa nuqsonni ortda qoldirib, baquvvatlashib qolgan yuragi dukillab ketadigan yigitchaga aylandi. Yigitcha ko`ksidagi og`riqni unutgan, lekin ota-onasining dardning taftini pasaytirish uchun erkalashlarini yaxshi eslab qolgandi. Onasiga uning kamchiliklari ko`rinmadi, dadasi yuragidagi nuqsonlarini yo`qotib, hayotga qaytgan nuridiydasining  keyin orttirgan barcha nuqsonlariga ko`z yumdi.

Yigitcha yigit bo`ldi. Kunlarning birida og`zidan aroq bo`lmasa-da, allaqanday ichimlikning badbo`y hidini taratib kirib keldi.

– Dada shuyam hayotmi, birimiz hech ikki bo`ladimi? Sevgan qizimning oldida qachongacha tilim qisilib yuradi?! Bilasizmi, u kimning qizi, qanaqa mashina minib yurishini tasavvur ham qilolmaysiz. Yo men ham xorijdagi yoshlar singari shartta ko`chaga surib, o`z aravamni o`zim tortaymi? Baxtimni o`zim qidiraymi?

– Unaqa dema o`g`lim. Xudoga shukr, qora qozon qaynab turibdi…

– E bu qora qozoningizga qachongacha tikilaman? Men ketdim, o`z kunimni o`zim ko`raman. 

Ona o`g`lining oyog`iga yiqilib yolvordi, otasi tushuntirishga harakat qildi. Lekin yigit o`z rejasini tuzib bo`lgandi.

Ko`p qavatli uyning zinasidan tushganida, xorij mashinasi kelib to`xtadi. Eshikni ochib o`tirdi. Mashinani chiyillatib o`rnidan qo`zg`atgan qiz og`zida tutatayotgan sigaretini yigitga uzatdi va so`radi:

– Nima deyishdi?

– Nima ham deyishardi?..

– Bo`lmasa erkin hayot sari olg`a!

* * *

Boshlarini changallab turgan ota-onani shu kuni ikkinchi zarba ham kutib turardi. 

Eshik taqilladi. Ichkariga bemalol kirib kelgan odam shunday dedi:

–  Uyni sotadigan bo`lib qoldik. Shuning uchun bir hafta ichida bo`shatib qo`yinglar. Sizlardan olayotgan ijara pulim urvoq ham bo`lmasdi, haliyam shuncha qo`yib berdim… 

Abror Zohidov

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
O`zbekistonda qancha oila faqat sha`riy nikoh asosida yashagani aniqlandi

14.11.2019, 18:36

 O`zbekistonda FHDYo organlari hokimliklar tasarrufiga o`tkazilgach, faqatgina sha`riy nikoh bilan yashab kelgan 20 ming 350tadan ortiq oila aniqlanib, ularning nikohi qonuniylashtirildi.Bu haqda 13 noyabr kuni oila...
«IChKILIK BO`LMASA EDI...»

23.12.2017, 17:11

Sayyora, 30 yosh, Jizzax viloyati: — Turmushga chiqqanimga o`n yil bo`libdi. Ikki farzandim bor. Qaynona-qaynotam bilan birga yashaymiz. Shu yillar ichida tinch, osoyishta, xotirjam yashaganimni...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1