AsosiyDunyo

"Kumru", "tulum", "boyoz", "to`ldirilgan midiya"... Izmirning ko`cha taomlari haqida eshitganmisiz?

'"Kumru", "tulum", "boyoz", "to`ldirilgan midiya"... Izmirning ko`cha taomlari haqida eshitganmisiz?'ning rasmi

Turk xalqi tomonidan odatda, Egey marvaridi” deb ataladigan Izmir diqqatga sazovor sevimli manzillardan biri. Zaytun moyida tayyorlangan mintaqaviy barra o`tlar va sabzavotlar, turli xildagi pishloqlar va dengiz mahsulotlari bilan siz Izmirga xos lazzatlanishingiz mumkin. Ammo bular hammasi emas. Izmir ham tashrif buyuruvchilarga mazali ko`cha taomlari bilan noyob pazandalik namunalarini taklif qiladi. Yo`l-yo`lakay iste`mol qilinadigan Izmirning ko`plab ko`cha lazzatlari tatib ko`rishingizga arziydi.

Kumru: Izmirning klassik sendvichi

Ko`pchilikka ma`lum bo`lgan kunjutli nondan tayyorlangan sendvich Izmirda "kumru" (musicha) deb ataladi. Chunki uning shakli qushga o`xshaydi. No`xat xamirturushidan tayyorlangan bu nonga Izmirning "tulum" pishlog`i, yashil qalampir va pomidor qo`shiladi. Sovuq holda beriladigan sendvich Izmirda, taxminan, 150 yil davomida nonushtaning bir qismi bo`lib kelgan. 1950 yillarda kolbasa va go`sht maxsulotlari qo`shilishi bilan sendvichning issiq shakli paydo bo`ldi. Ko`proq to`yimli va lazzatli bo`lgan issiq Kumru “Cheshme Kumrusu” deb ataladi va asl kumrudan ancha farq qiladi.

"Boyoz"ni tatib ko`ring - sizga yoqadi

Yana bir ajoyib Izmir lazzatlaridan biri - bu "boyoz". Uning nomi ispancha "bollos" (to`plam) so`zidan olingan bo`lib, bu xamir mahsuli 1492 yilda Ispaniyadan ko`chib kelgan Sefarad yahudiylari tomonidan hududga olib kelingan. 500 yildan ortiq tarixga ega bo`lgan "Boyoz" bug`doy unidan, yog`dan, suvdan, tuzdan xamirdan tayyorlanadi. Qat-qat xamir yumaloq shaklda o`raladi va ichi pishloq yoki ismaloq bilan to`ldiriladi. Izmirga xos ushbu mazali pishiriqni butun Izmir ko`chalaridan topish mumkin. Bu Izmirda odatiy nonushta hisoblanadi va aksariyat hollarda, qaynatilgan tuxum bilan iste`mol qilinadi.

Izmirda simit “gevrek” hisoblanadi

Turkiyaning ko`cha taomlari deganda birinchi bo`lib xayolga simit keladi. Kunjut sepilgan kulcha non shaklidagi bu pishiriq Turkiyaning deyarli har bir ko`chalarida uchraydi. Simit xamiri aylana shaklida o`raladi, shinni yoki suvga botiriladi va pishiriladi. Oddiy engil nonushta - bu pechdan yangi chiqqan pishloq bilan qoplangan qarsildoq simit bilan bir finjon choydir. Kunning boshqa vaqtlarida "simit"ga, odatda, "ayron" ichimligi hamroh bo`ladi. Izmirda bu hamyonbop ko`cha lazzati «gevrek» nomi bilan yuritiladi. Tashqi ko`rinishi o`xshash bo`lsada, «gevrek» va simit turlicha tayyorlanadi.

To`ldirilgan midiya (chig`anoq): Izmirning beqiyos ko`cha taomi

To`ldirilgan midiya Turkiyaning dengiz bo`yidagi har bir shahrida va butun Izmir, ayniqsa, xiyobonlari bo`ylab joylashgan do`konlarda mavjud bo`lgan mazali va mashhur taomdir. Midiya qobig`i guruch, tuz, chig`anoqning ichki suyuqligi va ziravorlardan tashkil topgan masalliqlar bilan to`ldiriladi va ustiga limon siqilgan holda tortiq etiladi.

Kokorech

Kokorech, Turkiyaning sevimli ko`cha engil taomi bo`lib, u to`yimli non orasiga to`ldirilgan qo`y yoki qo`zichoq ichaklaridan iborat. Izmir uslubidagi kokorech boshqalaridan biroz farq qiladi - kokorech ta`mini to`laqonli xis etish uchun Izmirliklar sabzavot va ziravorlarni solmaslikka intiladi. Shuningdek, pishgan go`sht halqa shaklida kesiladi, undan so`ng esa, yirik bo`laklarga bo`lib mijozlarga tortiq etiladi.

 

    Boshqa yangiliklar