Agar haftada bir-ikki marotaba mehnatkash qo`llaringiz uchun ozgina xizmat qilsangiz, eng nozikoyimlar ham ularga havas bilan qaraydi!
Ajinlarga qarshi tuxumli niqob
Kechqurun yotishdan oldin bitta tuxum sarig`ini 1 osh qoshiq asal va 1 choy qoshiq suli uni bilan aralashtirib, qo`lingizga surtasiz. Yupqa matodan qo`lqop kiyib olib, bemalol uyquga yotishingiz mumkin. Ertalab qo`llaringiz mayinlashib, ajinlar yoyiladi.
Qarishga qarshi kartoshkali niqob
Ikkita kartoshkani qaynatib, sut solib, bo`tqa holiga kelguncha eziladi. Suyuqroq va hali sovimagan aralashmani teriga surtib qo`yasiz. 2-3 soatdan so`ng iliq suvda yuqib tashlaysiz.
Terini yumshatish uchun asalli niqob
1 osh qoshiq asalni 2 osh qoshiq o`simlik moyi, 1 ta tuxum sarig`i va bir necha tomchi limon suvi bilan aralashtiring. Aralashmani qo`lingizga surtib, qog`oz-matoli qo`lqop kiyib oling. Bu niqobni kechasi qo`ysangiz maqsadga muvofiq.
Dog`larga qarshi suli yormali niqob
2 osh qoshiq suli (ovsyanka) unini 1 osh qoshiqdan issiq suv va kungaboqar moyi, 1 choy qoshiq limon suvi bilan aralashtiring. Qo`lga surtib, qo`lqop kiyib oling. Ertalab qo`lingizni iliq suv bilan yuvib, quriting.
Sovuqda tirishgan qo`llar uchun niqob
1 ta sersuv sabzini qirg`ichdan chiqarib, ikki choy qoshiq kraxmal qo`shing. So`ng bitta tuxum sarig`ini aralashtirib, qo`llaringizga surting. 20 daqiqadan keyin oldin iliq, so`ng sovuq suvda chayib yuboring. Bu niqob qo`l terisini yumshatadi.
Qo`lni mayinlashtirish uchun
Yarimta tuxum sarig`ini ko`pirtirib, oz-ozdan 1 osh qoshiq o`simlik moyi qo`shiladi. Surtmani qo`lga yaxshilab uqalab surtiladi. 15-20 daqiqadan so`ng iliq suv bilan yuvib, qo`lga krem surtiladi.
Tirsak uchun apelsinli niqob
4 osh qoshiq o`simlik moyiga ikki bo`lak apelsin suvini siqib aralashtiring. Uni tirsak terisiga yupqa qilib surtib, 5-10 daqiqa uqalab turing. Agar tirsak terisi quruq bo`lsa, niqob yarim soat tursin, so`ng salfetka bilan artib tashlang.
Teri qurishiga qarshi petrushka sharbati
Barra petrushkani qiymalagichdan chiqarib, sharbatini siqib oling. 1 choy qoshiq petrushka sharbatiga yarim osh qoshiqdan ko`proq baliq yog`i, 3 choy qoshiq yog`siz tvorog aralashtiriladi. Qo`l terisiga surtgach, 15-20 daqiqadan so`ng yuvib tashlanadi.
Aksariyat hollarda qo`llar ayolning yoshini fosh etib qo`yadi. Qo`llarni to`g`ri parvarishlab, yoshingiz haqidagi fikrlarni ham yoshartirishingiz mumkin.
To`g`ri niqob tortish qoidalari
• Qo`l parvarishi uchun haftasiga 1-2 marotaba maxsus vaqt ajrating. Buning uchun eng yaxshi vaqt — uyqudan oldin.
• Niqoblarni surtgach, 10-15 daqiqadan so`ng iliq suvda yuvib tashlang. Ba`zi niqoblarni tun bo`yi qoldirish mumkin.
• Agar niqobni tun bo`yi qoldiradigan bo`lsangiz, paxta matoli qo`lqop kiying. Ertalab iliq suv bilan yuvib tashlang.





